Alkogol dunyoda aholi salomatligiga eng katta zarar yetkazuvchi psixoaktiv moddalardan biri hisoblanadi. Barcha o‘limlarning taxminan 5% spirtli ichimliklarni iste’mol qilish ta’siridan kelib chiqadi, deb hisoblamoqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

Har 10 soniyada bir kishi dunyoda uning halokatli ta’siri oqibatlaridan vafot etadi, bu yiliga 3 millionga yaqin qurbonni tashkil qiladi. Spirtli ichimliklar yurak-qon tomir va ruhiy kasalliklarga, saratonning ayrim turlariga olib kelishi mumkin. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, mastlik yoshlarga ayniqsa qattiq ta’sir qiladi: dunyoda 20−39 yoshli insonlar orasidagi o‘limning 13,5 foizi ichkilikbozlik bilan bog‘liq.

Inson salomatligiga va millionlab odamlarning hayotiga katta zarar yetkazishiga qaramasdan, dunyoda spirtli ichimliklar marketingi ustidan nazorat boshqa psixoaktiv mahsulotlarni nazorat qilishdan ancha zaifroq, deya qayd etilgan JSSTning transchegaraviy reklama usullari va ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlatiladigan spirtli ichimliklarni onlayn reklamasi haqidagi yangi hisobotida.

JSST o‘rganishlariga ko‘ra, spirtli ichimliklarga qaram bo‘lgan bemorlar ko‘pincha reklama xabarlarini ko‘rganda yoki u bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni olganida alkogolga bo‘lgan ishtiyoq kuchayishi haqida tez-tez ma’lum qilishadi.

Internetdan ta’lim va o‘yin hamda ijtimoiy tarmoqlardan muloqot uchun foydalanuvchi bolalar va o‘smirlar, shuningdek, spirtli ichimliklarga qaram bo‘lgan odamlar, alkogol iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalligi borlar, qolaversa, spirtli ichimliklardan saqlanishni niyat qilganlar — maxsus himoya va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, deya ta’kidlaydi tashkilot.

Ayni vaqtda internet va ijtimoiy tarmoqlar spirtli ichimliklarni agressiv sotish uchun platformaga aylandi. Ishlab chiqaruvchilar transchegaraviy xarakterga ega bo‘lgan onlayn marketingdan foydalanmoqdalar va alkogolli ichimliklarni targ‘ib qilishda foydalanilayotgan yangi usullar belgilangan reklama taqiqlarini chetlab o‘tishi mumkin.

Global internet-provayderlar mijozlarning odatlari va xohishlari to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plashi va tahlil qilishi alkol sotuvchilariga turli mamlakatlardagi aholining muayyan guruhlariga maqsadli xabarlar va maxsus takliflarni yuborish imkoniyatini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda maqsadli reklama juda samarali, ayniqsa, xabarlarni almashish imkoniyati bo‘lganida, deyiladi JSST hisobotida. Raqamli medianing kengayib borayotgani shuni anglatadiki, spirtli ichimliklar reklamasi tobora globallashib bormoqda, bu yesa uni samarali boshqarishni qiyinlashtiradi, deya ta’kidladi JSST mutaxassisi Dag Rekve.

O‘zbekistonda, boshqa bir qator mamlakatlarda bo‘lgani kabi, alkogolli ichimliklar reklamasini to‘liq taqiqlash qabul qilindi, deyiladi xabarda. Shuningdek, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni targ‘ib qilish, ya’ni spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni rag‘batlantiradigan g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatish, foydalanishning zararsizligi to‘g‘risida g‘oyani shakllantirishga qaratilgan harakatlar taqiqlangan.

Shu bilan birga, JSST spirtli ichimliklarni turli mamlakatlarda sotish uchun joylashtirish va ijtimoiy tarmoqlar orqali spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar tomonidan, e’timol pullik tarzda, targ‘ib qilish holatini o‘rganib, tahlil qildi. Unda katta yoshlar auditoriyasiga ega va o‘spirinlarning xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsata oladigan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining postlari tarkibida alkogolli ichimliklardan foydalanishni yashirin yoki aniq targ‘ib qilish holatlari o‘rganildi.

Ko‘pincha mamlakatlarning amaldagi me’yoriy-huquqiy bazasi bolalar, yoshlar va kattalarni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn marketing bilan bog‘liq zararlardan himoya qilish uchun yetarli emas. Mamlakatlar hukumatlari va ota-onalar bolalar uchun xavfsiz onlayn ta’lim va o‘yinlarni ta’minlash, ularni kontent qayerda tayyorlanishidan qat’iy nazar «zararli alkogol reklamasi bilan bombardimon qilishdan» — qutqarish vakolatiga ega bo‘lishlari kerak, deya qayd etiladi hisobotda.

Tartibga solinmagan reklama ko‘payishi, ularni nazorat choralaridan uzoqlashishi sharoitida alkogol marketingini nazorat qilish, shu jumladan, prodakt-pleysment va ijtimoiy tarmoqlarda inflyuyenserlar reklamasini tartibga soluvchi xalqaro standart — kodeks ishlab chiqish zarur, deya ta’kidlamoqda JSST.