Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tashkil etildi. Mazkur vazifani vaqtincha bajarish Transformatsiya va operatsion samaradorlik departamenti boshlig‘i Behzod Boburovich Usmonovga yuklatildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan tashqari, raisning qurilish va transport bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi vazifalarini bajarishga Shuhrat Kidirbayevich Dauletiyarov tayinlandi. U «O‘zbekneftgaz» Kapital qurilish va ta’mirlash departamenti boshlig‘i, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Hisob palatasida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Boshqaruv raisining iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida esa Sardor Alisherovich Mirzayev ish boshladi. Bugungi kunga qadar, Sardor Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Hisob palatasida faoliyat yuritgan.

Avvalroq, «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev o‘zining o‘rinbosarlari faoliyatini tanqid qilgani haqida yozgandik. Uning iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi.