Vengriyaning OTP Bank`i «Ipoteka-bank»ni sotib olishni to‘xtatdi, ammo unga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolmoqda. Bu haqda bankning moliyaviy direktori Laslo Benchik ma’lum qildi, deb yozadi Spot.uz.

Investorlar bilan birinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat chog‘ida Societe Generale vakili O‘zbekistondagi bitim bekor qilinganmi yoki OTP Bank Ukrainadagi urush bilan bog‘liq vaziyatning tinchlanishini kutyaptimi, degan savolni berdi.

Laslo Benchik kelishuv «pauza»ga qo‘yilganini ta’kidladi, biroq OTP O‘zbekiston tomoniga qiziqish saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Top-menejerning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya banki «Rossiya va Ukrainadagi vaziyat qanday rivojlanayotganini ko‘rmaguncha, o‘z majburiyatlarini zimmasiga olishga tayyor emas».

«Sotuvchining bizni kutishga qonuniy majburiyati yo‘qligi aniq. Shuning uchun agar ular sotishga qaror qilsalar — sotishaversin. Ammo ular kutishsa, birinchi navbatda Ukrainada vaziyat yaxshilansa, biz bunga [masalaga] qaytmoqchimiz. Demak, biz hali ham salohiyatni ko‘rmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston bozoriga kirish OTP uchun qulaylik zonasidan chiqish bo‘ladi, deb hisoblaydi Benchik. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bank geografiyasining avvalgi kengayishiga qaraganda ancha jiddiyroq qadam hisoblanadi.

Hozirda OTP O‘zbekistonda bo‘lmagan yana uchta bank bilan muzokaralar olib bormoqda.

«Men ta’kidlaganimdek, biz ishtahamizni yo‘qotmadik, — dedi Benchik. — Agar biron-bir qiziqroq narsa paydo bo‘lsa, biz uni ko‘rib chiqamiz».

Aprel oyida OTP Bank O‘zbekistondan «Ipoteka-bank»ning 75 foiz davlat ulushini sotib olishni 2−3 oygacha kechiktirishni so‘ragani ma’lum bo‘ldi. Kechikish sababi Ukrainadagi urush tufayli yuzaga kelgan noaniqlikdir.

OTP Group («Gruppa OTP», BSE: OTP, LSE: OTPD) — moliya, sug‘urta, investitsiya va bank biznesi bilan shug‘ullanuvchi Vengriya bank guruhi bo‘lib — aktivlar va lizingni boshqarishdan tortib, pensiyalarni moliyalashtirishgacha bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi.