10 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi delegatlari Chexiyani Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Rossiya bo‘shatib qo‘ygan o‘rniga sayladi. BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, Chexiya bu o‘rinni 2023 yil 31 dekabrgacha saqlab qoladi.

7 aprel kuni Bosh Assambleya Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish uchun ovoz berdi. Ukraina 58 davlat bilan hammualliflikda taklif qilgan rezolyutsiyani 93 davlat qo‘llab-quvvatladi. 24 delegatsiya (jumladan, O‘zbekiston) qarshi chiqdi, 58 nafari esa betaraf qoldi.

Ovoz berishdan so‘ng Rossiya kengash a’zosi sifatidagi vakolatlarini muddatidan oldin tugatishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Inson huquqlari kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat bo‘lib, ularning har biri BMT Bosh Assambleyasi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li bilan adolatli geografik taqsimot tamoyili asosida saylanadi.

Kengashdagi o‘rinlar mintaqaviy guruhlar o‘rtasida taqsimlangan: Afrika guruhi — 13 o‘rin, Osiyo guruhi — 13, Sharqiy Yevropa guruhi — 6, Lotin Amerikasi va Karib havzasi guruhi — 8, G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar — 7 o‘rin. Kengash a’zolari 3 yil muddat davomida o‘z vakolatlarini amalga oshirishi kerak va ketma-ket ikki vakolat muddatidan keyin darhol qayta saylanish huquqiga ega emas.

Sharqiy Yevropa davlatlari guruhidagi bo‘sh o‘ringa Chexiya saylandi. Uning nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun 157 davlat vakillari ovoz berdi, 23 davlat betaraf qoldi. Ovoz berishda Bosh Assambleyaga a’zo 193 davlatdan 180 ta davlat ishtirok etdi.

O‘zbekiston 2020 yil oktabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga ilk bor uch yillik muddatga (2021−2023) saylangandi.