O‘zbekiston Markaziy banki birinchi chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida valyuta kursining narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qildi.

Valyuta kursi inflyatsiyaga bevosita import qilinadigan yakuniy mahsulotlar narxlarining o‘zgarishi orqali, bilvosita esa ishlab chiqarishda import qilinadigan xom ashyo narxlarining o‘zgarishi orqali ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tahlillarda almashuv kursi keskin o‘zgarishi bilan bazaviy inflyatsiyaning tezlashgani kuzatilgan bo‘lsa, ba’zi davrlarda almashuv kursi o‘zgarishi ma’lum kechikishlar bilan ta’sir qilgan.

Bazaviy almashuv kursi va inflyatsiya o‘zgarishlarining oylar kesimidagi o‘zgarishi (foizda)

Dastlabki natijalarga ko‘ra, almashuv kursining 1 foiz bandga qadrsizlanishi uzoq muddatda bazaviy inflyatsiyani 0,28 foiz bandga tezlashishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu ta’sir bazaviy inflyatsiya komponentlari bo‘yicha tahlil qilinganida, bunda, eng yuqori ta’sir oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida namoyon bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 0,42 foiz bandni tashkil etdi. Bazaviy nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarga almashuv kursi o‘zgarishining uzoq muddatdagi oshiruvchi ta’siri nisbatan kamroq bo‘lib, mos ravishda 0,18 va 0,16 foiz band doirasida shakllandi.

Almashuv kursining bazaviy oziq-ovqat mahsulotlariga ko‘proq oshiruvchi bosimi, birinchi navbatda, ushbu mahsulotlar boshqalarga nisbatan noelastik (narxlari o‘zgargan taqdirda ham talab o‘zgarmaydi) bo‘lib, uy-xo‘jaliklari iste’mol xarajatlari tarkibida yuqori ulushga (o‘rtacha 40−50 foiz) ega ekanligidir.

Shuningdek, mahalliy bozorlarda asosiy turdagi iste’mol tovarlarida (o‘simlik yog‘i, bug‘doy uni, shakar, go‘sht mahsulotlari, kartoshka va boshqalar) import ulushi yuqoriligi bois oziq-ovqat mahsulotlari narxlari almashuv kursi o‘zgarishiga bog‘liq holda shakllanmoqda.

Mart oyida so‘m keskin qadrsizlanib, bir yarim hafta ichida (9 martdan 18 martgacha) o‘z qiymatining 6,1 foiziga — 10897,27 so‘mdan 11571,99 so‘mga tushib ketdi. Valyuta kursini barqarorlashtirish va inflyatsion kutilmalarni kamaytirish maqsadida 17 mart kuni Markaziy bank kursni 14 foizdan 17 foizga oshirdi, shundan buyon so‘m 430,19 so‘mga yoki 3,7 foizga qimmatlashdi.

Tashqi vaziyatdagi o‘zgarishlar va ularga mos ravishda ichki bozorlardagi tendensiyalar yillik inflyatsiya darajasi fevral oyidagi 9,7 foizdan mart oyiga kelib 10,5 foizgacha ko‘tarildi va Markaziy bankning prognozi trayektoriyasidan yuqoriroq shakllandi.

Markaziy bank tomonidan o‘rganib boriladigan bazaviy inflyatsiya joriy yil yanvar-fevral oylarigacha pasayuvchi dinamikada shakllangan bo‘lsa, mart oyiga kelib 9,1 foizni tashkil etdi. Bunda, bazaviy inflyatsiyaning umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi hissasi 6,9 foiz bandgacha o‘sdi.