Qashqadaryo viloyatining 2 tumanida maktab o‘quvchi qizlari o‘zini osib, joniga qasd qildi.

5 may kuni Qamashi tumanining 16-maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi, deya xabar bermoqda «Nasafnews» nashri.

Keltirilishicha, maktabning 9-D sinf o‘quvchisi 16 yoshli E.Q.(qiz bola) darsdan so‘ng uyiga borib, o‘z joniga qasd qilgan va vafot etgan.

Voqeadan avval o‘qituvchilardan biri uni telefondan foydalangani uchun tergagan va dars vaqtida telefon ishlatish mumkin emasligini aytgan, deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura matbuot kotibining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qiz Rohat ko‘chasidagi yashash xonadoni molxonasining tom qismiga arqondan sirtmoq yasab, bo‘yin qismidan o‘zini o‘zi osgan. Tekshirish doirasida mutasaddi idoralar (maktab, IIB va MFY) xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Shuningdek, Qarshi shahrida kuzatilgan holatda esa 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-B sinf o‘quvchisi ham 6 may kuni kechki soat 23:00 lar atrofida o‘zini osib, vafot etdi.

Uning nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani haqida ma’lumot yo‘q. Hozirda Qarshi shahar prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda.

Avval ham Qashqadaryoda 10-sinf o‘quvchisi ruhiyatidagi o‘zgarishlar tufayli o‘zini osib qo‘ygandi. Qolaversa, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham 17 yoshli o‘quvchi qiz o‘z uyida osilgan holatda topilgandi.