4 may kuni soat 21:30 larda «Qamchiq» dovonida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilganligi sababli «Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘lining 19 km «Ko‘l» stansiyasiga olib boruvchi avtomobil yo‘lining yuvilishi oqibatida poyezdni elektr quvvati bilan ta’minlovchi tayanch ustuni qulagan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tezkor shtab tuzilib, «Qamchiq» MQYOQB va «O‘zbekiston temir yo‘llari» maxsus avariya-tiklash brigadasi va muhandislik texnikalari bilan yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilib, elektr tayanch ustuni, hamda yo‘l ostidan qo‘shimcha sel o‘tkazgich qurish ishlari amalga oshirilgan.


Shuningdek, avtomobil yo‘lida sel, toshqin oqibatlarini bartaraf etish va yog‘ingarchilik suvlarini betalofat o‘tkazib yuborish maqsadida suv o‘tkazish inshootlarini va kyuvetalarni tozalash tadbirlari olib borildi. Dovon hududida hodisa oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 4 may kuni «Qamchiq» dovonida kuzatilgan sel oqibatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» ketma-ket ikki kun Farg‘ona vodiysiga harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini vaqtincha to‘xtatdi. 6 may kuni esa kompaniya Farg‘ona vodiysi yo‘nalishida temir yo‘l orqali harakat tiklanganini ma’lum qildi.