Toshkent shahar hokimligi tomonidan 12 mingta ko‘p qavatli uylar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, ularning holati tekshirilib, eskirganlik darajasi baholanmoqda, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Uch oy ichida barcha ko‘p qavatli uylarni o‘rganishni yakunlash va ma’lumotlarni Toshkent shahrining raqamli xaritasiga kiritish rejalashtirilgan.

«Aniqlangan kamchiliklarni dolzarbligiga ko‘ra kuchlarni jamlagan holda bartaraf etish bo‘yicha optimal reja ishlab chiqish rejalashtirilgan», — deyiladi hokimlik xabarida.

Inventarizatsiya 12 nafar kommunal inspektor tomonidan amalga oshirilib, ko‘p qavatli uylar aylanib chiqiladi. Ular tomlarni, yerto‘lalarni, fasadlarni suratga oladi va ko‘plab mezonlar bo‘yicha maxsus tuzilgan savolnomani to‘ldiradi, har bir holatni besh balli tizimda baholaydi.

«Fotosuratlarni jo‘natish va savolnomani to‘ldirishdan oldin inspektor „Garmoniya“ manzillar reyestrida binoni tanlaydi, GPS tizimi inspektorning koordinatalarini aniqlaydi va ularni tekshirilayotgan uyning koordinatalari bilan taqqoslaydi. Agar koordinatalar mos kelsa va fotosuratning aslligi tekshirilib, to‘g‘ri kelsa, inspektorning kiritgan ma’lumotlari tasdiqlanadi», — deya izohlaydi hokimlik tekshirish algoritmini. Bundan ayon bo‘ladiki, inspektor ofisda o‘tirib, joyga bormasdan va binoni ko‘zdan kechirmasdan, bu haqda ma’lumot yubora olmaydi, deya qo‘shimcha qildi shahar ma’muriyati.

Inspektor, boshqa narsalar qatori, uyning fasadi, yo‘laklari, raqami, yoritish tizimi, noqonuniy qurilmalar mavjudligi va binoning boshqa parametrlarini hisobga oladi. Administrator inspektorning barcha ma’lumotlarini tekshiradi va ularni tasdiqlaydi yoki ba’zi ma’lumotlarga aniqlik kiritishni so‘raydi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida poytaxt hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan Age Tashkent interaktiv xaritasi yaratilgan bo‘lib, unda shahardagi 336 mingdan ortiq binoning yoshi haqida ma’lumot olish mumkin.