Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda elektrotexnika mahsulotlari eksportini joriy yilda 700 mln dollarga, 2023 yilda esa 1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Misol uchun, birgina qo‘shni davlatlar yiliga o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 6 milliard dollarlik elektrotexnika mahsulotlarini import qiladi. Lekin, ushbu davlatlar importida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ulushi 5 foizga ham yetmaydi», — dedi prezident.

Eksportni oshirish uchun bojxona hududida qayta ishlash tizimini maishiy texnika misolida yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini kengaytirish uchun Elektrotexnika jamg‘armasiga 20 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Ichki bozorga sifatsiz va noqonuniy elektrotexnika mahsulotlari kirib kelishining oldini olish maqsadida, eski transformatorlarning importiga chek qo‘yishni, maishiy texnikalar markirovkasi tizimini joriy etishni qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.

Prezident joriy yilda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni kamida 20 foizga oshirish vazifasini qo‘ydi.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi yangi loyihalar bo‘yicha tinimsiz izlanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, 2021 yilda o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 1,3 mlrd dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan, dedi Shavkat Mirziyoyev. Joriy yilda 500 ming xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu ularga suv isitish qozoni va quyosh kollektorlari, suv hisoblagichlari kerakligini anglatadi. Toshkent va Namanganda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

Joriy yilda 250 mln dollarlik 86 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

«Jizzaxda 1 ta, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Surxondaryoda 2 tadan, Buxoro, Namangan va Xorazmda 3 tadan loyihani ishga tushirish bo‘yicha rejalar meni qoniqtirmaydi. Har bir viloyat hokimida kamida 100 million dollarlik yangi elektrotexnika loyihalari bo‘lishi shart», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda mutasaddilarga yana 1,5 mlrd dollarlik yangi loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimlariga Toshkent shahridagi «Texnopark» kabi elektrotexnika klasterlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bundan tashqari, misni qayta ishlashni joriy yilda 37 foizdan 50 foizga, 2026 yilda esa 70 foizga yetkazish maqsadi belgilandi. Buning uchun Ohangaron tumanidagi yangi mis klasterida 168 mln dollarlik 12 ta loyiha doirasida yana 90 ming tonna misni qayta ishlaydigan quvvatlar yaratilishi kutilmoqda.

O‘z navbatida, elektrotexnika tarmog‘ida izlanish va rivojlantirish (R&D) bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, yil oxiriga qadar «Elektroapparat» (muqobil energetika va kuchlanish uskunalari bo‘yicha izlanishlar), «Texnopark» (murakkab qoliplar), Artel (maishiy texnika yangi modellari), Uzkabel (yangi izolyatsiya materiallari va kabel) kompaniyalari negizida 4 ta R&D markazi tashkil etiladi. Ushbu markazlarga malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislar jalb qilinishi rejalashtirilgan. Markazlar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 10 milliard so‘m grantlar ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning mart oyida Artel qoshida Ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazi tashkil etilgan edi.

Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot markazlari uch yil davomida hisoblangan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i summasining atigi 1 foizini to‘laydi. Moliya vazirligiga ular uchun 1 foiz stavkada ijtimoiy soliq stavkasini belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilib, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi huzurida Loyihalash va injiniring markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.