Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Turizm va madaniy meros vazirligiga madaniy meros obyektlariga yetkazilgan katta miqdordagi moddiy zarar yuzasidan taqdimnoma kiritdi. Bu haqda agentlikning matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida Toshkent viloyatidagi «Kultepa», Buxoro viloyatidagi «Vardonze yodgorligi» va Toshkent shahridagi «Quloqtepa (Quloqlitepa)» arxeologiya merosi obyektlarining muhofaza qilinishi, saqlanishi va ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi holatlarini o‘rgangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimining 2015 yil 31 dekabrdagi 1179-sonli qarori bilan fuqaro B.Inag‘omovga Yunusobod tumanidagi «Quloqtepa (Quloqlitepa)» arxeologiya merosi obyektining muhofaza hududidan «otalar choyxonasi» qurish uchun 0,06 ga yer maydoni ajratib berilgan. Natijada davlat manfaatlariga 6,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Parkent tumani sobiq hokimi «Kultepa» arxeologiya yodgorligi hududini qaror asosida tadbirkorlik subyektiga berib yuborganligi haqida xabar berilgan edi. Tadbirkor tomonidan obyektning 2 gektar qismi g‘isht quyish uchun buzilib, davlat manfaatlariga 1 trln 587,6 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi «Vardonze yodgorligi» arxeologiya merosi obyektining muhofaza hududi tuman hokimining qarori bilan 124 gektardan 76 gektarga qisqartirilib, tumandagi «To‘ymurod Xolmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida berib yuborilganligi ma’lum qilingan edi. Fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslari arxeologiya obyekti muhofaza hududida yer qazish, yer tuzish, ekin ekish va melioratsiya ishlarini amalga oshirganligi oqibatida uning madaniy qatlami buzilib, saksovul o‘simliklari va tarixiy ashyolar nobud bo‘lgan hamda davlat manfaatlariga 26,7 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

«Ushbu arxeologiya merosi obyektlariga mansabdor shaxslar tomonidan jiddiy shikast yetkazilganligi holatlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda prokuratura idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi ma’lumotda.

Shu bilan birgalikda, arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmaganligi tufayli hozirda «Kultepa» arxeologiya obyektining yarmi yo‘q bo‘lgan. «Vardonze yodgorligi» va «Quloqtepa» arxeologiya obyektlarining muhofaza hududi buzilib, halokat yoqasiga kelib qolgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil sentabragi [265-son] qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid ravishda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishni ta’minlash maqsadida «Quloqtepa» arxeologiya obyektiga jamoatchi inspektor biriktirilmagan.

Shuningdek, «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi talablariga zid ravishda «Quloqtepa» va «Kultepa» arxeologiya merosi obyektlarida muhofaza belgilari o‘rnatilmagan va ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.

Ushbu Qonunning 17−18-moddalari talablaridan kelib chiqib, ularning muhofaza hudud (tegra)lari belgilab qo‘yilmagan, ko‘rikdan o‘tkazilmagan va joriy holati qayd qilib qo‘yilmagan.

Qayd etilgan qonun buzilish holatlarining kelib chiqishiga Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan sohaviy normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ta’minlanmagani va yetarli nazorat o‘rnatilmagani sabab bo‘lgan, deyiladi Antikorrupsiya agentiligi xabarida.

Agentlik korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar belgilashni so‘rab, Turizm va madaniy meros vazirligiga taqdimnoma kiritgan.