Rossiyaning «Aeroflot» aviakompaniyasi 20 maydan boshlab Moskvadan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tiklaydi, deb xabar qildi aviatashuvchi matbuot xizmati.

Parvozlar har kuni Airbus A330 keng fyuzelyajli samolyotlarida amalga oshiriladi.

«Moskvadan Toshkentga parvozlar „Aeroflot“ guruhining O‘zbekiston shaharlariga yo‘nalishlar tarmog‘ini to‘ldiradi, bu tarmoqqa allaqachon Moskvadan Urganch, Buxoro va Samarqandga reyslar kiradi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, matbuot xizmati 21 maydan boshlab Moskvadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan «Rossiya» aviakompaniyasi tomonidan Sochidan Toshkentga parvozlar bekor qilingani haqida ogohlantirdi. Yo‘lovchilar Moskvadan reyslarga qayta bron qilinadi.

Aeroflot 8 martdan Belarusdan tashqari xorijiy davlatlarga barcha reyslarni to‘xtatgan edi. Bunga havo transporti federal agentligining tavsiyalari sabab bo‘lgandi, u samolyotlari xorijiy reyestrda bo‘lgan Rossiya aviakompaniyalariga 6 martdan xorijga, boshqa davlatlardan esa Rossiya Federatsiyasiga 8 martdan parvozlarni to‘xtatishni tavsiya qilgandi.

«Interfaks» ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni biroz yumshatib, lizing beruvchilarga Rossiya aviatashuvchilari bilan 26 fevralgacha tuzilgan samolyotlar uchun moliyaviy ijara shartnomalarini bajarishni davom ettirish imkonini berdi. Shundan so‘ng, «Aeroflot A330 yordamida bir nechta xorijiy reyslarni amalga oshirdi: ushbu samolyotlarning bir nechtasi kompaniya tomonidan moliyaviy lizing shartnomalari bo‘yicha foydalaniladi.

Kompaniya avvalroq Hindiston, Turkiya, Maldiv orollari va Shri-Lanka, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, Ozarbayjon va Armanistonga parvozlar qayta tiklangani haqida ma’lum qilgan edi.