“Yuksalish” umummilliy harakati 9 may sanasini ortiqcha siyosiylashtirmay, andozalashtirishga berilmay, vazmin va jamiyat qadriyatlariga tayangan holda nishonlashni taklif etdi. Bayonotda keltirilishicha, ushbu sana jamiyat uchun tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida qadriyatga aylanib qolgan hamda xalqimiz urush va tinchlikda ko‘rgan katta fojialardan xulosa chiqarishi kerak.

Tashkilotning fikricha, O‘zbekistonda 9 may — Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanadi. Har yili may oyi boshlarida turli rasmiy va norasmiy doiralarda ushbu kunni siyosiylashtirishga bo‘lgan harakatlar kuzatiladi. Bizningcha, O‘zbekiston uchun 9 may qanday chuqur qadriyatlarni aks ettirishini xalqaro hamjamiyat tushunishi muhim.

Birinchidan, ushbu kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qonli Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yarim milliondan ziyod o‘zbekistonliklarning ruhi xotirlanadi.

Ikkinchidan, 9 may — urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq vatandoshning jasoratini, front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilgan o‘zbek xalqining bag‘rikengligini anglash va qadrlash kuni.

Uchinchidan, bu kunda Jahon urushidan oldin va keyingi tarixda Vatan tinchligi va ravnaqi uchun jonini fido qilgan barcha ajdodlar xotirlanadi. Hayot bo‘lganlariga esa hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi, qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

“9 may — fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kunigina emas, balki xalqimiz urush va tinchlikda ko‘rgan katta fojialardan xulosa chiqarish, bugungi tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida jamiyatimiz ongu shuuridan joy olgan qadriyatdir. Shuning uchun, 9 may sanasini ortiqcha siyosiylashtirmaslik, andozalashtirishga berilmaslik, vazmin va jamiyatimiz qadriyatlariga tayangan holda nishonlash — eng to‘g‘ri va ma’qul yo‘ldir”, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan respublikada harbiy parad o‘tkazilmasligi aytilgan edi. Shuningdek, Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ham Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga erishilgan kunga bag‘ishlab harbiy parad o‘tkazmasligini ma’lum qilgan edi.