O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini (keshbek) qaytarish tartibi prezidentning 30 apreldagi «Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ilgari surilgan.

Keshbek 2022 yil 1 sentabrdan boshlab taqdim etiladi. Sayohat xarajatlarini qaytarish Turizm va madaniy meros vazirligining elektron platformasi orqali, shu jumladan ichki sayohatni rejalashtirishni, shuningdek chegirmalar taqdim yetishni va «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» doirasida tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni ta’minlaydigan mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Builab Sayehat Kil dasturi!

Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:

  • avia, temir yo‘l va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;
  • joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
  • madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish;

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Xarajatlar faqat ichki sayohat oxirida mahalliy sayyohlarning bank kartasiga platforma orqali qaytariladi, deyiladi hujjatda.

Platforma Davlat soliq qo‘mitasining (SoliqUz) mobil ilovasi bilan integratsiya qilinadi. Shu orqali xarajatlarning haqiqiyligi tekshiriladi.

Turistlarning keshbekini moliyalashtirish uchun Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 2022 yilda respublika budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan 30 mlrd so‘m ajratiladi.

Turizm sohasidagi boshqa yangiliklar

Hujjatda tungi vaqtda (soat 18:00 dan 06:00 gacha) faoliyat yurituvchi turizmning yangi mexanizmlarini joriy etish va rivojlantirish ko‘zda tutilgan:

  • maxsus tashkil etiladigan «turizm ko‘chalari»da joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari, ko‘ngilochar va savdo obyektlari, madaniyat tashkilotlari faoliyatini jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlagan holda to‘sqinliksiz amalga oshirish;
  • turistik obyektlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya tizimini takomillashtirish;
  • madaniy-ko‘ngilochar, konsert-ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
  • maxsus avtobuslar (shuttle-bus) qatnovini yo‘lga qo‘yish;
  • turizm namoyishi obyektlarining faoliyat olib borishiga ruxsat berishning yagona tartibini joriy qilish va turizm namoyishi obyektlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish;
  • turistik obyektlarning ishlashiga yagona ruxsat berish tartibini joriy yetish va ularni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.

Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi turistik obyektlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan quyidagi chora-tadbirlar ko‘riladi:

  • faoliyat yuritayotgan turizm namoyishi obyektlari atrofi uzluksiz yoritilishi ta’minlanadi, shu jumladan, mazkur hududlar energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlanadi;
  • turizm namoyishi obyektlari «Xavfsiz shahar» konsepsiyasiga integratsiya qilinadi;
  • «turizm ko‘chalari»da jamoat xavfsizligi normalari va talablari doirasida «xavfsizlik chaqiruv tugmalari» o‘rnatiladi hamda «Wi-Fi» zonalari tashkil etiladi;

Kechasi ishlaydigan turistik obyektlarga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • obyektlarning ichki qismi, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish joylarida ma’lumotlarni kamida 30 kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini o‘rnatish va «Xavfsiz shahar» konsepsiyasiga integratsiya qilish;
  • binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni kamida 10 metr masofada yoritish;
  • obyektlarni to‘liq tovush o‘tkazmaydigan tarzda jihozlash. Bunda, tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan aholining tinchligini buzmagan holda foydalaniladi;
  • obyektlarni yong‘in o‘chirish vositalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘plamiga ega tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;
  • binoning barcha uchun ko‘rinarli joylarida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari aks ettirilgan ma’lumotlarni aks ettirish talabi belgilanadi.

Hujjat davlat organlarining qonunga rioya qilgan holda tungi vaqtda ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuvlar va byurokratik to‘siqlar o‘rnatishini taqiqlaydi.

O‘zbekiston avtomobil yo‘llari bo‘ylab (Turistik transport yo‘lagi) «karvonsaroy» barpo etiladi, ularning har biri turistik xizmatlar ko‘rsatadi. Xususaye hunarmandchilik va mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bo‘yicha xizmatlari, avtomobillarga, shu jumladan, elektr transport vositalariga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, to‘xtash joylari va sanitariya inshootlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Har bir «karvonsaroy» atrofiga daraxt va butalar ko‘chatlari ekiladi.

Uch oylik muddatda Aqchako‘l, Ashshi ko‘l, Zikri ko‘li, Aydarko‘l, Tuzkon ko‘li va To‘dako‘l ko‘llari hududida sohilbo‘yi zonalarini tashkil etish uchun 10 yilgacha muddatga ijaraga beriladi. U yerda ekologik va sanitariya talablariga javob beradigan yengil konstruksiyalardan qurilgan bino va inshootlar barpo etiladi.