O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Toshkent shahrida barpo etilayotgan yangi yo‘l va chorrahalar bilan tanishdi, Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasini Yakkasaroy tumanidagi Cho‘ponota va Shota Rustaveli ko‘chalari bilan bog‘lovchi yo‘l qurilishi 2020 yil avgust oyida boshlangan. Loyiha doirasida 6,5 kilometr uzunlikdagi 6 tasmali avtomobil yo‘li, 6 ta ko‘prik qurildi.

«Bungacha Sergeli tumanidan shahar markaziga yo‘l olgan haydovchilar asosan bitta yo‘l — Yangi Sergeli ko‘chasidan foydalangan. Yangi yo‘lning ochilishi tirbandlik muammosini bartaraf etishi kerak. Ko‘priklar, ularga chiqish-tushish qismlari oqilona loyihalashtirilib, mavjud yo‘llarga svetoforsiz ulangan. Natijada avtotransportlar boshqa yo‘llardagi qatnovga to‘xtovsiz, qulay tarzda qo‘shilib ketishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, yo‘l bo‘ylab energiya tejovchi lampalar va uzumzorlar o‘rnatildi. Yer uchastkalarida yashil zonalar yaratildi, piyodalar va velosiped yo‘laklari yotqizildi, deya qo‘shimcha qiladi prezident matbuot xizmati.

Shu yerda yangi ko‘chalar qurish, shahar transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ochiq yo‘lning davomi sifatida Sergeli tumanini aylanib o‘tuvchi halqa yo‘ligacha 6 kilometrlik yo‘l qurish loyihasi tasdiqlandi.

2021 yil iyun oyida «Gazeta.uz» Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan yo‘l va uchta yo‘l o‘tkazgichni qurish qiymati 280 milliard so‘mdan 518,3 milliard so‘mga oshgani haqida yozgan edi. Poytaxt hokimligi va bosh loyihachi buni qurilish materiallari narxining oshishi va loyihani yakunlash bilan izohladi.

Foto