Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida aniqlangan ona ayiq va uning ikki bolasi tirik. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayev o‘zining Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, 26 aprel kuni Kun.uz tarqatgan ayiq bolasi o‘ldirilgani haqidagi xabar o‘rganilganda, ikkita boshqa-boshqa holat ekanligi aniqlangan.

«Birinchi holat „Terakli“ MFY hududida aniqlangan bo‘lib, ayiq bolasi o‘ldirilgan holatga umuman aloqasi yo‘q. Hozirda ona ayiq va uning ikki bolasi tirik ekanligi ma’lum bo‘ldi», — deb yozdi u.

Ayiq va uning bolalari «Terakli» MFY yashovchi 22 yoshli Arslon Bo‘ronov tomonidan 22 aprel kuni kechki payt suratga olingan.

Ikkinchi ayiq jasadi esa Dehqonobod Davlat o‘rmon xo‘jaligining Qizilsoy o‘rmon bo‘limida 5 aprel kuni sodir etilgani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘lik holda topilgan ayiq bolasi aks etgan videodagi shaxsning Dehqonobod tumani «Oqqishloq» MFY Qizilsoy qishlog‘ida yashovchi fuqaro K. Sh. ekani aniqlangan. Uning xonadoni tekshirilganida, bir dona ayiq bolasining terisi topilgan.