Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston fuqarolarini AQShga noqonuniy ravishda jo‘natishga urinish bo‘yicha yana bir holatga chek qo‘yildi, deya xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

Samarqand viloyatida yashovchi X. D. (1982 y. t.) AQShda yashovchi X. J. (1978 y.t.) bilan o‘zaro kelishib, mahalliy fuqaroni AQShga aylanma yo‘llar orqali jo‘natishni va’da qilgan. Buning uchun fuqarodan 40 ming dollar so‘ragan. Olib borilgan tezkor tadbir davomida X. D. avans sifatida 5000 dollarii olayotgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida Samarqandda uch nafar fuqaroga ularni 60 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga yetkazib qo‘yishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olingandi.

2021 yil dekabr oyida ham shu viloyatning ikki fuqarosi 2 kishini AQShga yuborish uchun ularning har biridan 30 mingdan, jami 60 ming dollar talab qilib, oldindan 20 ming dollarini olgan vaqtlarida ushlangandi.