Rassom Inkuzart Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hovlisining tashqi devorida «Korrupsiya» mavzusidagi graffitini qoldirdi.

Ijodkor devorda G‘afur G‘ulomning «Shum bola» qissasi asosida suratga olingan shu nomdagi film qahramoni «Korrupsiya» yozuvi tushirilgan sumkani yelkasiga ilib olib, atrofga o‘g‘rilardek qarab turganini tasvirlagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov o‘zining telegram kanalida graffitni qo‘llab-quvvatlashi haqida yozdi: «Biz har kuni korrupsiya balosidan tezroq qutulish, yurtimiz rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. Biroq, korrupsiya illati hanuzgacha yelkamizda og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. Bu yukdan qancha tez qutulsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga shuncha tez erishamiz. Buning uchun nafaqat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, balki aholining barcha qatlamlari faol ishtirok etishlari, ko‘maklashishlari kerak».

«Agentlik mazkur graffiti muallifi Inkuzart’ning ijodiy g‘oyasini va korrupsiyaga nisbatan murosasizlikka qaratilgan shu kabi kreativ yondashuvlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi xabarda.

Inkuzart’ning poytaxtdagi bir nechta graffitlari bo‘yab yuborilgan. Fevral oyida rassom tomonidan Chilonzor tumanidagi 103-maktab o‘quvchilari uchun yaratilgan Eynshteyn va uning formulalari aks etgan graffiti yo‘q qilingan. Shuningdek, o‘tgan yili «O‘zbekneftgaz» yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonida avtosanoat monopoliyasi haqidagi art-obyekt ham bo‘yab tashlangan.