O‘zbekistonda Xitoyning «Guanjou» klinikasining Toshkent shahridagi va boshqa viloyatlardagi filiallari litsenziya olgandan so‘ng faoliyat yurita boshlagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 23 aprel kuni O‘zbekistonda Xitoyning «Guanjou» klinikasining Toshkent shahridagi va boshqa viloyatlardagi filiallarida mahalliy dorilarni qayta qadoqlab, qimmat narxga sotilayotgani ma’lum bo‘ldi va holat bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlandi.

SES boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov hozirda tekshiruv davom etayotgani, holat bo‘yicha hali qo‘shimcha ma’lumot berilishini aytdi.

«Guangjou`da tekshirish jarayonlari hali oxirigacha yetkazilgani yo‘q. Tekshiruv tugagach, davlat organlari va SES tomonidan bajarilgan ishlar bo‘yicha axborot beriladi. Lekin hozirgacha bo‘layotgan jarayonda tibbiyot muassasasi litsenziya olish uchun murojaat qilgan, litsenziya olib, keyin aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlagan», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, muassasaning litsenziya olishi jarayonida noqonuniy hujjat kuzatilmagan.

«Litsenziya olishi jarayonida noqonuniy hujjat kuzatilmagan. Agarda noqonuniy holat kuzatilsa, litsenziya berilmagan bo‘lardi. Bugungi kunda litsenziyaga ega bo‘lgan barcha tibbiyot muassasalari, xususiy muassasalar litsenziya berish vaqtida qanday holatda bo‘lgani to‘g‘risida litsenziya berish boshqarmasi tomonidan nafaqat qog‘ozda, balki videotasvirda ham [ma’lumot] olinib, foto-video lavhalar saqlab qo‘yiladi», — deya ta’kidladi SES vakili.

Ma’lumot uchun, «GUANGZHOU MEDICAL of CHINA» MCHJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi 2-qismi «b» bandi («Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.