O‘zbekiston Markaziy banki 25 apreldan (ikki dam olish kunini hisobga olgan holda) xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. Unga ko‘ra:

  • 1 AQSh dollari 41,80 so‘mga arzonladi va 11 260,28 so‘mni tashkil etmoqda;
  • 1 Yevro 167,23 so‘mga pasaydi va 12 167,86 so‘m deb baholandi;
  • 1 Rubl 1,59 so‘mga ko‘tarildi va 143,53 so‘mga teng bo‘ldi.

Dollar kursi

22 fevraldan 25 aprelgacha dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi dinamikasi

Hafta boshida dollar (-21,40) va yevroning (-46,82) so‘mga nisbatan kurslari pasayib, mos ravishda 11 278,02 so‘m va 12 172,37 so‘mni tashkil qilgan edi.

20 aprel, chorshanba kuni dollar kursi ketma-ket to‘rt kunlik pasayishdan so‘ng ko‘tarildi. Payshanba kuni ham so‘m kursi biroz qadrini yo‘qotib, dollar kursi 11 300 so‘mdan qimmatlashdi. AQSh dollarining ushbu mustahkamlanishi (so‘m kursi 42,71 so‘m devalvatsiyaga uchrashi) Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishi arafasiga to‘g‘ri keldi, biroq asosiy stavka 17 foiz darajasida saqlanib qolishi e’lon qilinganidan so‘ng milliy valyuta dollarga nisbatan mutahkamlandi.

Umuman olganda, hafta davomida dollar so‘mga nisbatan rasmiy kursi 39,14 so‘mga arzonladi.

Mart oyida so‘m keskin qadrsizlanib, bir yarim hafta ichida (9 martdan 18 martgacha) o‘z qiymatini 6,1 foizga — 10897,27 so‘mdan 11571,99 so‘mgacha yo‘qotgan edi. Valyuta kursini barqarorlashtirish va inflyatsion kutilmalarni kamaytirish maqsadida 17 mart kuni Markaziy bank kursni 14 foizdan 17 foizga oshirdi, shundan buyon so‘m dollarga nisabatan 311,71 so‘mga yoki 2,7 foizga qimmatlashdi.

Rubl kursi

Markaziy bankning 18 aprel kunidan kuchga kiruvchi kurslariga ko‘ra, rublning so‘mga nisbatan kursi 3,14 so‘mga ko‘tarilib, 140,41 so‘mga teng bo‘lgandi. Keyingi kun ham rubl kursida o‘sish kuzatildi.

Shundan so‘ng rubl ketma-ket ikki kun pasaydi. Keyin esa yana ikki kunlik kurslarda o‘sishni qayd etdi va 25 apreldan amal qiluvchi kurslarga ko‘ra, 143,53 so‘mni tashkil etdi.


Hafta davomida ushbu valyutaning so‘mga nisbatan kursi 3,12 so‘mga ko‘tarildi.

Yevro kursi

Yevroning so‘mga nisbatan rasmiy kurslari hafta davomida faqatgina 21−22 aprel kunlari ko‘tarildi.

18 aprel uchun yevro kursi 135,46 so‘mga pasayib, 12 219,19 so‘m deb baholandi. Hafta davomida ushbu valyuta kursi 53,13 so‘mga qadrsizlandi.

21 aprelda Markaziy bank asosiy stavkani (hozirda 17%) o‘zgartirmaslikka qaror qildi, chunki asosiy savdo-hamkor davlatlarda iqtisodiy vaziyat shu jumladan, valyuta kurslarining ma’lum darajada muvozanatlashuvi kuzatilayotganiga qaramasdan, barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolda noaniqlik va xatarlar darajasi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.