Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi tahrirdagi Oila kodeksi muhokamaga qo‘yildi, deb xabar bermoqda
Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Taklif etilayotgan loyihaga ko‘ra, kodeksning 13-moddasi (Nikoh tuzish tartibi)da ko‘rsatib o‘tilgan nikohlanuvchilar tomonidan FHDYOga ariza berilganidan bir oy o‘tib nikoh qayd etish talabi bekor qilinadi. Nikohlanuvchilarning arizasi belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng rasmiylashtiriladi.

“Amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun ayrim fuqarolar FHDYO organlariga soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim etish, FHDYO va sog‘liqni saqlash organlarida ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yish kabi salbiy holatlar kuzatib kelingan”, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Shuningdek, kodeksning 17-moddasi (Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish) ikkinchi qismi yangi tahrirda bayon etilib, nikohlanuvchi ellik yoshdan oshgan bo‘lsa yoki homilador bo‘lsa, shuningdek tomonlardan biri og‘ir kasal bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko‘ra nikohlanuvchilar FHDYO organlariga ariza bergan vaqtdan boshlab 1 oy o‘tganidan so‘ng nikohni qayd etishi mumkin. Bu vaqt oralig‘ida nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lish kerak. Ba’zi istisno hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi, xizmat safari kabi uzrli sabablar bilan bir oylik muddat kamaytirilishga ruxsat beriladi.

Vazirlikga ko‘ra, nikohni qayd qilish uchun 2021 yilda 300 mingdan ortiq, 2022 yilning I choragida 45 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir oylik muddatda arizalarni qaytarib olish yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.

“Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yadi, FHDYO va sog‘liqni saqlash organlarida qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etadi, otalik belgilash kabi ortiqcha qiyinchiliklarni oldini oladi”, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Loyiha bilan havola orqali tanishib chiqishingiz mumkin.