Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) davlatlari sintetik giyohvand moddalar va yangi psixofaol moddalarning tez tarqalishidan xavotirda, bu haqda 20 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlarning narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Sintetik giyohvandlik vositalari va yangi turdagi psixofaol moddalarning tez sur’atlarda tarqalishi va ularning suiiste’moli, shuningdek, giyohvandlik vositalari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalarning noqonuniy aylanishining kuchayishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda», — deyiladi ma’lumotda.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq global muammo, eng avvalo, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solib kelayotgan omillardan — Afg‘oniston va «Oltin yarim oy» mintaqalarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy ishlab chiqarishning keskin o‘sib borishidan xavotir bildirdi.

«Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi va giyohvandlik vositalaridan olingan daromadlarni legallashtirishda zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari va elektron moliya tizimlaridan foydalanishga qarshi kurashish muhimligi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Delegatsiyalar rahbarlari tomonidan Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqalarining tarixiy jihatdan yaqinligi, shu bilan birga Afg‘onistondan kelib chiquvchi narkotahdidlarga qarshi kurashish masalalarida SHHT bilan hamkorlikni rivojlantirishning dolzarbligidan kelib chiqib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘z ichiga qamrab oluvchi birgalikdagi Harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusi dolzarb va muhim ekani e’tirof etildi.

Tomonlar giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda umumiy yondashuvlar va hamkorlikni ilgari surish, shuningdek, BMT va boshqa giyohvandlikka qarshi kurashishga yo‘naltirilgan xalqaro maydonlarda giyohvand moddalar ustidan nazorat o‘rnatishning xalqaro tizimini saqlab qolish va mustahkamlash istagida ekanliklarini tasdiqladi.

Bir kun avval giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi rahbari Olim Narzullayevga tayanib, Afg‘onistondan «Shimoliy yo‘nalish» orqali narkotik moddalarni olib o‘tish holatlari ko‘paygani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paygan.