20 aprel kuni soat 15:00 atrofida Forish tumanidagi Egizbuloq mahallasida Nurota tog‘ tizmasi tomonidan sel keldi. Bunga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lganligi aytildi. Tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni hozirgacha 5 kishini tashkil etmoqda, ularning ikki nafari yosh bola.

Voqea joyida favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev boshchiligidagi ishchi guruh shtabi tashkil etilib, barcha davlat organ va tashkilotlari rahbarlari aholiga yordam berish, talofat asoratlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanishmoqda. Qolaversa, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ham ishlar borishini nazoratga olgan.

«Gazeta.uz» muxbiri 21 aprel kuni Egizbuloq mahallasiga tashrif buyurib, talofat oqibatlarini fotokamera obyektiviga muhrladi.

O‘rganishlar natijasida mazkur hududda joylashgan 53 ta xonadon sel oqimidan to‘liq, 44 ta xonadon o‘rta va 163 ta xonadon yengil darajada talofat ko‘rganligi ma’lum bo‘ldi. Sel oqimlari ta’sirida ijtimoiy soha obyektlari ham zarar ko‘rgan. Xususan, 15-sonli umumta’lim maktabi va 9-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi binolarining 1-qavatiga suv kirgan. Shuningdek, mahallaning 1,5 km ichki yo‘llari sel suvlari toshganligi sababli transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatildi.


Egizbuloq mahallasidagi 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazildi, ular uchun tuman hokimligi tomonidan hayotiy zarur mahsulotlar zaxirasi tashkil etildi.

Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 936 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, viloyat va tuman hokimligi mas’ul rahbarlari, FVDTning hududiy va quyi tizimlari xizmatlari ishchi-xizmatchilari hamda 63 ta maxsus texnika jalb etildi.

Asosiy sel urib, talofat yetkazgan hudud.









Suv toshqini oqibatida uyning bir qismi qulab, uning ichidagi xo‘jalik buyumlariga ham zarar yetgan.



Ko‘plab mustahkam qurilgan xonadonlarga aytarlik zarar yetmagan bo‘lsa-da, ularning xovlilari suv va loyga to‘lgan.




Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev Jizzax viloyati hokimiga asosiy sel urgan hududda suv o‘tishi uchun beton qorishmali «zovur» qurish haqida gapirmoqda. Qolaversa, kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlarning oldini olish maqsadida tegishli choralarni ko‘rish zaruriyati haqida fikr almashilmoqda.




Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va boshqa viloyatlardan ko‘plab xasharchilar kelgan, shu jumladan, FVV va harbiylardan iborat guruhlar uylar atrofi va ichini tozalashda, qulab tushgan va yashash uchun xavfli bo‘lgan uylarni buzishda ko‘maklashmoqda.



Uylari buzilgan odamlar o‘ziga tegishli bo‘lgan va zarar yetmagan buyum va jihozlarni chiqarib, tozalab olmoqda.


Vazir uyini qariyb suv oqizib ketgan fuqarolardan biri o‘z oilasini qanday qilib qutqarib qolgani haqida viloyat hokimiga so‘zlab bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda birinchi qavatiga suv kirib ketgani tasvirlangan maktab. Hozir tartibga keltirilgan va aholiga zaruriy yordamni ko‘rsatish markaziga aylangan. Bu yerda talofat ko‘rgan odamlarga oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga, boshqa xo‘jalik buyumlari, jumladan, ko‘rpa-to‘shaklar tarqatilmoqda.


Maktab hovlisidagi ahvol.





Viloyatning Paxtakor, Do‘stlik, Gagarin tumanlaridan, shuningdek, boshqa hududlardan ham zaruriy yordam yetib kelmoqda va maktab ichida taqsimlanayapti.


Egizbuloqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan maxsus shtab. Sel oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan ishlar shu yerning o‘zida tashkillashtirilmoqda.