Bugun, 20 aprel kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh. Rashidov tumanlarida sel oqimlari yuzaga keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holatni bartaraf etish uchun harakat boshlanganini ma’lum qildi.

Sel natijada ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obyektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlandi. Xususan, Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda Forish tumanining Egizbuloq mahallasida tabiiy ofat maktab hududining temir ustunlarini buzib tashlagani aks etgan video tarqaldi. Unda maktab yaqinidagi bog‘chaning hojatxonasi ham qulayotgani xabar qilindi. Suv bog‘chaning 1-qavati derazasigacha yetib borgani aytildi. Shuningdek, sel o‘zi bilan «Jiguli» mashinasini ham oqizib ketdi.

O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulaxatovning aytishicha, G‘allaorolda yog‘gan yomg‘ir ikki soat ichida yillik yog‘inning qariyb 10 foizini bajarib ulgurgan. Viloyatning «G‘allaorol» meteorologik stansiyasida 2 soat 5 minut oralig‘ida 31,5 mm yog‘in yog‘gan. Bu juda ko‘p miqdor hisolanadi, deyiladi xabarda.


Foto: Xabar.uz

Foto: FVV

FVV ayni paytda Baxmal tumanining Nurafshon MFY, Gulobod qishlog‘i, G‘allaorol tumanining Moltob QFY Moltob qishlog‘i, Sh. Rashidov tumani Kuyovboshi MFY hamda Forish tumani Egizbuloq MFYlarida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Voqea tufayli ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Forish tumanida 4 nafar fuqaroni (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqimlari oqizib ketish natijasida xalok bo‘lganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida ham kuchli yog‘ingarchilik sel bilan birga kuzatilmoqda. «Daryo» nashri Samarqand shahridagi suv ostida qolgan 17-maktab aks etgan videolavhani e’lon qildi.

Gidrometeorologiya markazi esa yog‘ingarchilik yuzasidan bergan rasmiy munosabatida 15 aprel kuni sel-suv toshqinlari yuzasidan shoshilinch axborot berganini eslatdi.