AQShning General Motors avtokonserni Rossiyadan chiqib ketadi, deya xabar berdi Kommersant'. Kompaniya Rossiyadagi ofisi xodimlarini ishdan bo‘shatadi.

Shuningdek, GM ushbu davlatdagi dilerlariga avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish to‘xtatilgani haqida xabar yuborgan.

Kompaniya Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiyani butunlay tark etayotgan birinchi xorijiy avtokonsern bo‘ldi.

So‘nggi haftalarda GM AQSh regulyatoridan tushuntirishlarni kutayotgan edi. Ushbu tushuntirishlar olinganidan so‘ng kompaniya haqiqatan ham Rossiya bozorini to‘liq tark etishini ma’lum qildi.

Kompaniya dilerlik markazlariga kiritilgan investitsiyalarni qoplab bermasligini e’lon qildi. Rossiyadagi dilerlik markazlari yaqinda eksportyorning yangi talablariga muvofiq qayta o‘zgartirilgan. Rossiya OAVining yozishicha, GM 2015 yilda mamlakatda ishlab chiqarishni qisqartirganida dilerlik markazlarining zararlarini qisman qoplagan.

GM Rossiya bozorini tark etayotganini tasdiqladi. 19 aprel kuni kechqurun Cadillac press-portalida paydo bo‘lgan xabarga ko‘ra, Ukrainadagi inqiroz va “bu bilan bog‘liq AQSh va xalqaro sanksiyalar tufayli GM Rossiyadagi operatsiyalarni to‘xtatish choralarini kengaytirishga qaror qildi”. Qayd etilishicha, GM 28 fevral kuni Rossiyaga avtomobillar eksporti va tijorat faoliyatini to‘xtatgan: vaziyatning yomonlashayotganini hisobga olib, kompaniya Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib turish muddatini uzaytirishga qaror qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq GM guruhining Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida 9 martdan boshlab Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi. UzAuto Motors vaziyat yuzasidan “Gazeta.uz” so‘roviga izoh berishdan bosh tortgan.