Fevral oyining oxiridan boshlab Rossiyadan chet ellik fuqarolar O‘zbekistonga ommaviy ravishda tashrif buyura boshladi. Ularning kelishi mahalliy ijara bozoridagi narxlarni ko‘tardi, deb xabar berdi «RBK Nedvijimost».

Agentlik Rossiya fuqarolari orasida O‘zbekiston yo‘nalishining «kutilmagan» mashhurligini qayd etdi. Bir yarim oy davomida mamlakatga kamida 5 ming rossiyalik kelgan.

Mahalliy riyeltorlarning ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyining oxiridan mart oyining o‘rtalariga qadar Toshkentda kvartira ijarasining o‘rtacha narxi 15 foizga oshgan.

Shunday qilib, Sergeli, Olmazor va Yunusobod tumanlarida bir xonali kvartirani ijaraga olish o‘rtacha 3,39 mln so‘mni tashkil etadi, bu 24 fevralga (3 mln so‘m) nisbatan 13 foizga ko‘proq. Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida narxlar 5,65−11,3 mln so‘m oralig‘ida o‘zgarib, 17 foizga oshgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlarida ham ijara haqi ko‘tarilgan. Umuman olganda, O‘zbekistonda uch oylik ijara haqi 0,9 foizga, ya’ni 2021 yilning shu davriga nisbatan ikki baravar qimmatlashgan.

Riyeltorlarning ta’kidlashicha, ijaraga beriladigan uy-joy bozorida hali taklif yetishmovchiligi yo‘q. Biroq, bu chet elliklar oqimining yanada ortishi bilan paydo bo‘lishi mumkin.

Spot nashrining yozishicha, uy-joy bozori vakillari ijaraga beriladigan uy-joy bo‘yicha bitimlar sonining ko‘payishini qayd etgan. «Etaji» agentligining boshqaruvchi hamkori Artur Yugayning so‘zlariga ko‘ra, mart oyining 10 kunida ijara narxi 15−20 foizga qimmatlagan.

Rossiyaliklarning ommaviy kelishi fonida boshqa yaqin xorij mamlakatlari ham ijara narxining oshishiga duch keldi. Misol uchun, Armanistonning Yerevan shahri markazida bir xonali kvartirani ijaraga olish bir oy davomida ikki barobarga, ya’ni 235,5 ming dramdan (494,5 dollar) dan 471,1 ming dramgacha (989 dollar) qimmatlashgan.

Gruziyada narxlar 1,5 barobarga oshdi — jumladan, Tbilisida kvartira oyiga 300 dollardan 450−500 dollargacha ko‘tarilgan. Turkiya ijaraga beriladigan uy-joy taqchilligi bilan duch kelmoqda, shuning uchun mashhur rusiyzabon hududlarda kvartiralar 4−5 baravarga qimmatlashdi.

Mutaxassislar mart oyi boshida ham rossiyaliklar orasida Toshkentdagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning oshishini bashorat qilishgan edi.