E-auksion ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri markazidagi ma’muriy binoni sotuvga qo‘ydi.

2012 yilda qurilgan uch qavatli bino Amir Temur hiyoboni yaqinida, kurantlar ro‘parasida joylashgan. Endi ushbu davlat mulkini ijaraga berish huquqlari bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi shug‘ullanadi.

obyekt 0,26 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni — 3666 kv.m. Barcha kommunikatsiyalar — gaz, elektr, suv, kanalizatsiya tizimlari mavjud.

Lotning boshlang‘ich bahosi — 66,52 mlrd so‘m etib belgilandi. Auksion 16 may kuni bo‘lib o‘tadi, arizalar xuddi shu sanaga (soat 9:00 ga) qadar topshirilishi mumkin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil dekabrdagi qarori asosida 15 aprel kuni mulkni sotish bo‘yicha buyruq chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Toshkent shahridagi harbiy shaharcha auksion orqali 266,4 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabar bergan edik.