«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati Rossiyaning «Gazprombank"idan 300 million dollar miqdorida ajratilgan kredit muddatini uzaytirish va joriy majburiyatlarini qayta moliyalashtirish maqsadida 2 yil muddatga 57,5 mln dollar qo‘shimcha qarz jalb etadi. Bu Moliya vazirligining Yagona korporativ axborot portali ma’lumotida keltirilgan.

Bundan tashqari, «O‘ztransgaz» aylanma mablag‘larini to‘ldirish, xom ashyo va asbob-uskunalar sotib olish hamda dastur doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2 yil muddatga 200 mln dollar ekvivalentida «O‘zmilliybank»dan kredit oladi.

Prezidentning apreldagi farmoni bilan «O‘ztransgaz»ga xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlarini boshqarishning alohida tizimini joriy etish topshirilgandi, bunda kuzatuv kengashining mustaqilligi va uning kompaniya boshqaruvi ustidan nazoratini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Xuddi shu farmon bilan korxonaning moliyaviy hisobotini tartibga solish, tabiiy gaz bo‘yicha kreditorlik va debitorlik qarzlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va qisqartirish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Moliyaviy hisobot esa xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlangan (bu talab prezidentning 2019 yildagi qarorida ham belgilangandi).

2024 yilda «O‘ztransgaz» xalqaro kredit reytingini olishi hamda moliyaviy intizomni ta’minlagan holda xalqaro banklar va boshqalardan mablag‘larni mustaqil ravishda jalb qilishi kerak.