Tashqi ishlar vazirligida Finlyandiyaning O‘zbekistonda yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Xelsinkida) Ilkka Ryaysyanen (Ilkka Räisänen) bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Muzokaralar davomida elchining ishonch yorliqlarini taqdim etish uchun Toshkentga tashrifini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligini yanada kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar muhokama qilingan.

Joriy yilda Toshkentda siyosiy maslahatlashuvlarning muntazam raundlarini va savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha Finlyandiya parlamentlararo guruhi rahbari Kimmo Kilyunen boshchiligidagi delegatsiyasining 2022 yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrifini birgalikda tayyorlashga kelishib olingan.

61 yoshli diplomat Ilkka Räisänen tayinlovga qadar Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi departamenti bosh direktori maslahatchisi lavozimida ishlagan.

U 2018−2021 yillarda qarorgohi Xelsinkida joylashgan Finlyandiyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini boshqargan Mariya Liivalaning o‘rnini egalladi. Liivala hozirda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha departamenti bosh direktori lavozimida ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.