HY-710 raqamli «Minsk — Toshkent» reysini amalga oshirayotgan Uzbekistan Airways kompaniyasiga tegishli Airbus A320 samolyoti «bomba qo‘yilganligi» haqidagi anonim xabardan so‘ng Rossiyaning Domodedovo aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

11 aprel kuni samolyot Minsk milliy aeroportidan jadval bo‘yicha soat 15.39 (Toshkent vaqti bilan) da uchgan.

«A320 havo kemasi Rossiya Federatsiyasining havo makonida bo‘lgan paytida Uzbekistan Airways AJ, shuningdek RF va Belarus aviatsion xizmatlari xodimlarining email-manziliga anonim manzildan bomba qo‘yilganligi haqida ma’lumot kelgan», — deyiladi kompaniya xabarida.

A320 havo kemasi komandiri Domodedovo aeroportida samolyotni qo‘ndirib, uni ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi.

«Tegishli tartibda layner, yo‘lovchilar, ularning bagajlari, yuklari va pochtalari tekshirilgan. Havo kemasiga bomba qo‘yilganligi to‘g‘risidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmadi», — deya ta’kidladi Uzbekistan Airways.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida samolyot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha havoga ko‘tariladi. Barcha 104 nafar yo‘lovchilar xavfsizlikda.