Prezident 8 aprel kuni «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan 1 mayga qadar tajribali investitsiya bankini jalb etib, 2022 yil yakuniga qadar «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali kamida 49 foiz ulushini, shuningdek, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJdagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini xususiylashtirish ishlarini boshlash rejalashtirilmoqda.

1 sentabrga qadar xalqaro konsalting kompaniyasi xulosalari asosida «O‘zbekgidroenergo» kompaniyasini isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Farmonga asosan 1 sentabrga qadar «Uzbekistan airways» kompaniyasi ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushining savdoga chiqarilishini, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini boshlash ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 1 avgustga qadar xalqaro investitsiya banki va konsultantlarni jalb etgan holda, «UzAuto Motors» AJ aksiyalar paketining 10 foizgacha qismini mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtirsin (IPO) va bu korxonaning qolgan ulushini hamda «UzAuto Motors Powertrain» AJ, «Samarqand Avtomobil zavodi» MCHJni strategik investorlarga sotish strategiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.

Ikki oy muddatda «Uzbekistan Airports» kompaniyasining Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bunda, Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarni maqbullashtirish orqali ulardan samarali foydalanish choralari nazarda tutiladi.

Maxsus ishchi guruh Avtomobil yo‘llari qo‘mitasini isloh qilish bilan shug‘ullanadi. Ishchi guruh ikki oy muddatda sohada nazorat va xo‘jalik funksiyalarini aniq chegaralash, monopoliyadan chiqarish, xususiy sektor korxonalarini jalb qilish, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidan pudrat va ishlab chiqarish korxonalarini chiqarish orqali uni isloh qilish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 1 sentabrga qadar «O‘zbektelekom» AK va «O‘zbekiston pochtasi» AJni isloh qilish strategiyasi ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga kiritishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.