Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Qirg‘izistonning Botken viloyatida 3,5 mln dollarlik maktab qurib bergani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonning o‘zida maktab yetishmayotgan bir vaqtda, qo‘shni davlatlar qurib berayotgani tanqid ham qilindi.

Mazkur holat yuzasidan AOKAda bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev munosabat bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston nafaqat Qirg‘izistonda, balki Tojikistonda ham maktab qurgan.

«U yerda yashayotgan millatdoshlarimizga ham sharoit qilib berish nuqtai nazaridan [maktab qurildi]. Lekin, o‘z navbatida, u mamlakatlar ham O‘zbekistonda ijtimoiy obyektlarning bir nechtasini barpo etgan. Xuddi shu Qirg‘iziston hukumati Rishtonda maktabgacha ta’lim muassasasini qurib bergan. Tojikiston Samarqandning Urgut tumanida 1,5 ming o‘rinli maktab barpo qilgan. Qayergadir mehmonga borsangiz, ular qilgan narsaga javob berasiz. Men bu yerda hech qanaqa yomon narsa ko‘rmayapman. Bu faqat qo‘shnilarning o‘rtasidagi hamkorlik», — dedi u.

Qo‘shni davlatlarning imkoniyati bo‘lsa, ular ham O‘zbekistonda ijtimoiy obyektlar qurib berayotgani aytildi.

«O‘zimizda rosa muammolar ko‘p, lekin u yerga boryapmiz deyish (o‘rinli — tahr.) emas, bizda ham muammolar hal bo‘lyapti. [Maktablarni] ko‘paytirish masalasi qo‘yilgan», — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

U, shuningdek, yangi maktablar qurish va ta’limga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«U o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj borligini hammamiz bilamiz. 1,2 mln o‘quvchi o‘rnini yaratish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi belgilangan, — deya so‘zida davom etdi Usmon Sharifxo‘jayev. — U yaqin kunlarda imzolanadi. Oxirgi 2−3 yil ichida oldinga nisbatan 3−4 marta ko‘proq maktab qurilayotganini aytsam, agar kimdir bu yolg‘on desa, bilmadim… Statistikani ko‘tarib, taqqoslash kerak. Davlat 2−3 yil ichida juda ko‘p maktab quryapti. Lekin 10−15 yillab maktab qurilmaganidan keyin uni yetkazib olishni ham inobatga olinglar».

Vazir o‘rinbosari oldin ko‘proq kollej va litseylar qurilganini

«Davlat hozir hamma ishni to‘xtatib, maktab qurishga pul bergan taqdirda ham, (kutilgan natijaga erishilmaydi — tahr.) juda ko‘p pul quruvchiga yetarli bo‘lishi kerak, baribir o‘zining talablari bor. Shuning uchun davlat bosqichma-bosqich budjetdan [mablag‘ ajratishni] oshirib bormoqda», — dedi XTV rahbari o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 3 aprelida Qirg‘izistonning Botken viloyati Marg‘un qishlog‘ida O‘zbekiston tomonidan qurib bitkazilgan 3,5 mln dollarlik 330 o‘rinli maktab foydalanishga topshirildi. Qolaversa, O‘zbekiston 5 mln dollar mablag‘ sarflab, Bobur nomidagi O‘sh akademik o‘zbek musiqali drama teatrida rekonstruksiya qilib berdi.

2021 yilning iyunida O‘zbekiston Xatlon viloyatida 250 o‘rinli zamonaviy shifoxona, Tojikiston esa Samarqand viloyatida 640 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab qurib bergandi. Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga tashrifi davomida hamkasbi Emomali Rahmon bilan ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start bergandi.

2022 yil 8 mart kuni Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot chog‘ida ikkita maktab qurilishi va Bobur nomidagi O‘sh akademik teatri rekonstruksiyasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

2021 yilda sobiq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) sezilarli darajada ortib ketgani, vaziyat shu holda rivojlanib borsa, o‘rtadagi farq 2 mlntaga yetishini ma’lum qilgan edi.