Tadbirkorning 15,5 ming dollarini qo‘lga kiritgan Zangiota tumani hokimi yordamchisi va uning sherigi ushlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Qayd etilishicha, Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi A.Yu. va tuman kadastr bo‘limi sobiq xodimi U.A. xususiy tadbirkor R.ning ishonchiga kirib, unga «Mevazor» MFYda joylashgan 8 sotix yer maydonida turar-joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olib berish hamda kadastr hujjatlarini tayyorlab berishni va’da qilishgan. Buning evaziga ular 2021 yil davomida fuqarodan jami 15,5 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritib, yana 1000 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.