Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlou Alter Ego YouTube-loyihasiga bergan intervyusida Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligi holatiga izoh berdi va haydovchilik madaniyati masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Menga bu yerda [avtomobil] haydash yoqmaydi. Menga qolsa hech qayerda haydamagan bo‘lar edim, chunki, avval aytganimdek, ko‘proq jamoat transportida yurishni yaxshi ko‘raman, velosipedda ko‘p yuraman. Londonda men ishga velosipedda yetib olardim, shu jumladan, bu uzoq masofa bo‘lishiga qaramasdan eng tezkor usuli hisoblanadi. Qolaversa, bu sog‘liq uchun ham foydali», — dedi u.

Buyuk Britaniya elchisi Toshkentdagi vaziyatni yaxshilash uchun ko‘chalarni to‘g‘ri loyihalash kerak deb hisoblaydi.

«Ko‘p narsalar qilish mumkin: variant sifatida — ko‘chalar dizayni. Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida men ikki tomonlama qatnov o‘rtasidagi burilib olishlarga duch kelmaganman, bu juda qo‘rqinchli. Bu shaharsozlikning bir qismidir. Yo‘llarni loyihalashtirishning shunday usullari borki, siz burilib olish uchun harakat jonlangan band yo‘lning o‘rtasida to‘xtashi shart emas», — deya ta’kidladi Tim Torlou.

Elchi shuningdek, tezlik chegaralari rioya etishni nazorat qilish va haydovchilarni tayyorlash muhimligiga e’tibor qaratdi.

«Siz ko‘chalarda ko‘plab militsiya [xodimlarini] ko‘rishingio‘ mumkin, biroq, men tezlik chegaralariga amal qilinayotganini sezmayapman. Odamlar juda tez haydashadi, va buning uchun sanksiyalar [jazolar] yo‘qdek ko‘rinadi. Yana bu xavfli haydash, bu nafaqat tez, balki haydash uslubidir. Buni ham to‘g‘rilash mumkin», — deb hisoblaydi u.

Diplomatik missiya rahbarining fikricha, haydovchining xatti-harakatlariga ta’sir qiladigan omillardan biri bu — trafik hajmining o‘sishi hisoblanadi.

«Shunda tez haydashning imkoni bo‘lmaydi. Ko‘plab tajovuzkor manevrlar qilishga o‘tiladi, va bu allaqachon boshlangan. Umid qilamanki, bu yaxshi tomonga o‘zgaradi. Bu sodir bo‘lmasligi uchun hech qanday sabablar mavjud emas», — dedi u.

Tim Torlouning ma’lum qilishicha, Londonda shaharni loyihalashtirish, ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlash va boshqa jamiyat muammolarini hal qilishda fuqarolik jamiyati juda muhim rol o‘ynaydi.

U Buyuk Britaniyada yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha kuchli tashkilotlar ishlashini so‘zlab berdi.

Tim Torlou boshlang‘ich maktab o‘quvchisi paytidayoq bilib olgan ilk fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan biri bu — ROSPA Baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha Qirollik jamiyati hisoblanadi.

«60 yil ilgari avariyalarning oldini olish bo‘yicha ishlaydigan tashkilot allaqachon bor edi. Ular aniq choralarni ko‘rishgan, misol uchun, maktab o‘quvchilari maktab binosidan chiqadigan joyda, bolalar o‘qish vaqtida yo‘llarni xavfsiz joylardan kesib o‘tishlari uchun harakatni sekinlashtiruvchi, turli xil usullardan foydalanishgan, svetoforlar o‘rnatishgan. Mahalliy hokimiyat va politsiya tomonidan joriy yetilishi mumkin bo‘lgan amaliy choralar ko‘rilgan. Lekin, ular to‘g‘ri qo‘llanilishini ham ta’minlaganlar. Va bunda fuqarolik jamiyati juda muhim rol o‘ynaydi», — deya ta’kidladi elchi.

Avvalroq, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining vaqtinchalik ishonchli vakili Bris Rokfyoy ham Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida u uchun Toshkentda mashina haydash juda qo‘rqinchli ekanini, «chunki qoidalar umuman yo‘qligini» ta’kidlagandi.

«Seni ham o‘ng tomondan, ham chap tomondan aylanib o‘tishlari mumkin. Hech kim burilish chiroqlaridan foydalanmaydi. Yo‘l chiziqlarini hurmat qilishmaydi, ya’ni chiziqlar bo‘ylab yurishmaydi. Chapga qayrilib olish — ham qiyin», — dedi u.