Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xorijdan o‘qishini test-sinovlarisiz, to‘lovlarsiz va soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish to‘g‘risidagi hujjat soxtaligini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari K.Karimov imzosi tushirilgan xat va undagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas, yolg‘on», — deyiladi vazirlik xabarida.

Soxta hujjat 30 mart sanasi bilan vazirning birinchi o‘rinbosari K.Karimov tomonidan imzolangan.

«O‘rta maxsus ta’lim vazirligida ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, guruh zimmasiga yuklatilgan ish xajmining ko‘pligi, hujjatlarni to‘liq o‘rganib chiqishning vaqt nuqtai nazaridan imkoni bo‘lmaganligi va ayni vaqtda qo‘shni respublikalar oliy ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlarining boshlanganligi munosabati bilan qo‘shni respublikalarda tahsil olayotgan barcha talabalarga yozgi ko‘chirish davrida test-sinovlarsiz, to‘lovlarsiz soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasida o‘qishga ruxsat berilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi unda.

Vazirlik fuqarolardan har xil soxta axborotlarga ishonib qolmaslikni so‘rab, o‘qishni ko‘chirishga doir har qanday xabarning haqiqiyligini avvalo vazirlikning telegramdagi @eduuz rasmiy kanali orqali tekshirishni tavsiya qildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga aniqliq kiritishicha, Prezidentning [5157-son] qaroriga muvofiq, talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:

  • talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi;
  • test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari joriy yil 25 iyulga qadar, keyinchalik har yili 15 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi;
  • o‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.