1 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Leylek tumani Marg‘un qishlog‘ida O‘zbekiston tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga qurilgan M. Baetov nomidagi maktab foydalanishga topshirildi.

Yangi maktabning ochilish tantanalarida O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyev ham qatnashib, hukumatlar rahbarlari roziligi bilan maktabning ramziy tasmasini qirqdilar.

Foto: Xalq ta’lim vazirligi.

Mazkur maktabning ochilish marosimida onlayin videokonfrensiya tartibida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov qatnashdi.

Foto: Gov.kg.

Qirg‘iziston hukumati raisi maktabning ochilishi ikki xalq o‘rtasidagi buyuk do‘stlik ramzi ekanini ta’kidladi.

«Ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik rivoji ko‘p yillik tarixiy qardoshlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari samarasidir. Botken viloyati O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyati bilan chegaradosh va biz o‘zaro manfaatli barcha sohalarda transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga Botken viloyatida ushbu ta’lim muassasasini qurishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiraman», — dedi Akilbek Japarov.

O‘z navbatida, Abdulla Aripov, bunday tadbirlar orqali ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik yanada mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

Maktab qurilishi bo‘yicha kelishuv Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 2021 yil 11−12 mart kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan edi.

330 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi 2021 yil iyul oyida boshlangan edi. Loyihaning smeta qiymati 3,5 mln AQSh dollarini tashkil etib, O‘zbekiston tomonidan ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda O‘sh shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan maktab foydalanishga topshirilgan edi. Botken viloyati Samarqanddek qishlog‘ida yana bir maktab qurilmoqda.

Shuningdek, Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali-drama teatri binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari olib borilmoqda. Abdulla Aripov O‘shga tashrifi chog‘ida Akilbek Japarov hamrohligida rekonstruksiya jarayonlari bilan tanishdi.

Foto: Gov.kg.

Ishlar 2021 yil sentabr oyida boshlangan va joriy yilning sentabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning taxminiy qiymati 5 mln dollarni tashkil qiladi. Teatr 500 o‘ringa mo‘ljallangan.

Avvalroq, O‘zbekiston ko‘magi bilan Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanida 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilgan edi.