O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov 23 kundan beri Ukrainada ushlab turilganini aytgan o‘zbekistonlik haydovchilarning videomurojaatiga izoh berdi. 1 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Xaydarali Kuranbayev deb tanishtirgan haydovchilardan biri voqea haqida so‘zlab bergan video tarqaldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 13 fevral kuni boshqa yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari rux yetkazib berish uchun Ilich nomidagi Mariupol metallurgiya kombinati tomon yo‘lga chiqqan. 23 fevral kuni Ukraina chegarasini kesib o‘tib, belgilangan manzilga yetib borishgan. Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi 24 fevral kuniga rejalashtirilgan bo‘lgan, ammo urush boshlanishi sababli haydovchilar bunga ulgurishmagan.

“Ayrim mashinalar yukni tushirishga ulgurishmadi va biz shu yerda qoldik. Uch-to‘rt kundan keyin azovchilar („Azov“ maxsus maqsadli alohida bo‘lim — tahr.), bizning ikkita mashinamizni olib ketishdi… Biz hech qayerga chiqmadik, zavod hududida turgandik”, — dedi u. Ular bu yerda 23 kun qolib ketishgan.

“Qandaydir harbiylar kelishdi, yaxshisi bu yerdan ketish kerakligi haqida ogohlantirishdi: „Yomon harbiylar kelishadi“. Biz undan shuni eshitdik va yaqin joydagi qishloqqa qochib ketdik. U yerda 9 kun yashadik. Shundan keyin qishloqda O‘zbekiston haydovchilarini izlashayotganini eshitib qoldik. Biz yana yashirindik”, — dedi u.

Xaydarali Kuranbayev mahalliy aholi ularga o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi chegarasigacha borishga yordam bergan, u yerdan esa harbiylar Rossiyaga chegaradosh Novoazov tumaniga yetkazib qo‘yishgan.

TIV vakili O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari tomonidan “ushbu vatandoshlarni harbiy harakatlar bo‘layotgan hududlardan evakuatsiya qilish masalasi muvaffaqiyatli ishlab chiqildi”.

“Ularga har tomonlama huquqiy yordam ko‘rsatildi. Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytmoqdalar”, — deyiladi xabarda.