Tojikistonnnig «Xolding Aziya Gurpp Tadjikistan» korxonasi 2 aprel kunidan boshlab Dushanbe — Termiz, Dushanbe — Denov hamda Panjikent — Samarqand yo‘nalishlarida tajriba-sinov tariqasida avtobus qatnovlarini amalga oshiradi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Dushanbe — Termiz yo‘nalishada qatnov masofasi 251 km bo‘lib, yo‘nalishni bosib o‘tishga 5 soat 40 daqiqa vaqt sarflanadi. Dushanbe — Denov yo‘nalishi qatnov masofasi 107 km, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt 2 soat 25 daqiqani tashkil etadi. Panjikent — Samarqand yo‘nalishi qatnov masofasi 64 km bo‘lib, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 25 daqiqani tashkil etadi.

Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning «Gazeta.uz»ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, avtobus chipta narxlari qo‘yidagicha:

  • Dushanbe — Termiz 150 somoniy (taxminan 11,54 AQSh dollari);
  • Dushanbe — Denov 50 somoniy (3,85 dollar);
  • Panjikent — Samarqand 40 somoniy (3,08 dollar).

Narxlar bir tomonga ko‘rsatilgan. O‘zbekiston shaharlarida chiptalar somoniyning so‘mga nisbatan kursi bo‘yicha sotiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni «Toshkent» avtovokzalining 71 207−87−00 raqamidan, yoki avtovokzal24.uz veb saytidan olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Toshkent — Xo‘jand va Qo‘qon — Xo‘jand yo‘nalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirib kelinmoqda.