29 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar o‘rtasida ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo doiraviy bitim imzolandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Avval yozganimizdek, imzolash marosimi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Hujjat harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, jangovar tayyorgarlik, harbiy ta’lim, shuningdek, mudofaa sanoatini rivojlantirishga qaratilgan, deya ta’kidlandi Mudofaa vazirligidan.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Turkiya o‘z harbiy-sanoat kompleksi imkoniyatlarini baham ko‘rishga tayyorligini aytdi.

«Turkiyaning bu boradagi yutuqlari allaqachon o‘z tasdig‘ini topgan», — dedi u.