AOKAda Bosh prokuratura mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot анжumanида bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova Ichki ishlar vazirligining yaqinda e’lon qilingan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini foto va videoga olib, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilishini taqiqlash bo‘yicha qaror loyihasi yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

«YPX xodimi xizmat vazifasini bajaradi. Yaxshi bajaradimi, yomon bajaradimi u ikkinchi masala. Lekin ko‘chadan YPX xodimlari chiqib ketishi qanchalik xavfli bo‘lyapti yurish. Qayerdadir video kamera ishlaydi-ishlamaydi. Qayerdadir YPX xodimi turadi-turmaydi. Lekin haydovchilik guvohnomasiga o‘qimagan yoki guvohnomasi yo‘q odamlarni, giyohvand moddalarni iste’mol qilganlarni rulda ko‘ryapmiz. Hozir, hattoki ijtimoiy tarmoqlarda „qonli yo‘llar“ degan nom ham oldi O‘zbekistonning yo‘llari. Sharmanda emasmi?!» — dedi u.

Bosh prokuror o‘rinbosari ham O‘zbekiston fuqarosi, ham huquqshunos, ham prokuror, ham ayol sifatida qonun doirasida ishlaydigan va yo‘lovchidan qonun talablariga rioya qilishni talab qilgan YPX xodimlarini videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Shaxsan men bu bilan — u ham davlat xizmatida bo‘layotgan „pagonli“ odam, u ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, demak, undan so‘rab, mendan misol uchun so‘ramasangiz men foto qilishga ruxsat bermayman. Demak, birinchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini himoya qilishimiz kerak. Ikkinchidan u davlat xizmatidagi inson… Men ham u tomonni — yo‘lovchi tarzda, ham „pagonli“ shaxs sifatida aytayabman, men qarshiman YPX xodimini xizmat faoliyatidagi jarayonni s’yomka qilishga», — dedi Svetlana Artikova.

U, shuningdek, ushbu qaror loyihasi Konstitutsiyaga va qonunlarga qanchalik muvofiq kelishi to‘g‘risidagi savolga ham javob berdi.

«Konstitutsiyani yaxshi bilsak, agar u yerda konstitutsiyaviy norma bor, «sha’n, qadr-qimmati daxlsiz va Konstitutsiya bilan himoya qilinadi. YPX xodim ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosimi? U ham Konstitutsiya bilan himoya qilinishi kerak. Bu mening shaxsiy fikrim. Bu — fikr, qonun emas. Qonun tarzida yo u yoqlik, yo bu yoqlik bo‘ladi, o‘rtasida bo‘lmaydi. Yo ruxsat etiladi, yo man etiladi. Kim meni adolatsizlikda ayblay oladi — hech kim. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiya bilan himoyalangan. U YPX xodimi bo‘ladimi, uy bekasi bo‘ladimi, u jurnalist-bloger bo‘ladimi. Agarda sizdan ruxsat so‘ramasa, s’yomka qilsa, shunaqa changini ko‘tarasiz-ki, xudo ko‘rsatmasin. Bu — mening fikrim», — dedi Artikova.

Ma’lumot uchun, avvalroq Ichki ishlar vazirligi YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash bo‘yicha taklif bildirgan edi. Tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 14 martdan 29 martga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Ayni paytda qaror loyihasi muhokamasi yakunlangan va unga umumiy 1224ta taklif berilgan.

Eslatib o‘tamiz, loyihaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi [975-son] qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomning 19-bandi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda:

«YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik».

Mazkur o‘zgartishlarga prezidentining «Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 8 fevraldagi [PQ-118-son] qarori asos qilib olingan.

Biroq prezidentning mazkur qarori hozirgacha qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz sayti, Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanali yoki O‘zbekiston axborot agentligida ham e’lon qilinmagan.

«Gazeta.uz» ushbu qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik munosabati ham yozgan edi.