Buxoro viloyati Kogon tumanida meteorologik radiolokator (MRL) uskunasi o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zgidromet matbuot xizmati xabar berdi .

Uskunani meteorologik, sanoat o‘lchovlari va atrof-muhit parametrlarini o‘lchash sohasiga ixtisoslashgan Vaisala Oyj (Finlandiya) kompaniyasi o‘rnatdi va ishga tushirdi.

Meteorologik lokator 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida, jumladan bulutlar oqimi va turi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi (yomg‘ir, do‘l, qor) hamda uning davomiyligi, momaqaldiroq sodir bo‘lgan hududlarni vizualizatsiya qilish orqali meteorologik kartalarga tushiradi va oldindan xabardor qilish imkoniyatlari mavjud.

Ma’lumotlar har 10 daqiqada yangilanadi va muntazam ravishda O‘zgidrometning meteorologik lokatorlar geografik axborot-tahliliy geoportaliga uzatib boriladi.

Avvalroq Toshkent, Samarqand va Nukus shaharlari aeroportlarida AQShning Baron Service va Germaniyaning Selex kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan «S» doplerli meteorologik radiolokator tizimlari o‘rnatilgandi. Ular O‘zbekiston hududida shamolning yo‘nalishi, gorizontal tezligi, radiolokator radiusidagi yog‘inlar miqdori va jadalligi kabi meteorologik hodisalar, bulutlar harakatini kuzatish, do‘l va momaqaldiroq jarayonlari rivojlanishini prognozlash imkonini beradi.

Toshkent, Samarqand, Nukus, Buxoro shaharlarida o‘rnatilgan to‘rtta doplerli meteorologik lokatorlar xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishda qo‘yilgan yana bir qadam bo‘ldi, deyiladi O‘zgidromet xabarida.


Bu lokatorlar aviatsiya uchun tayyorlanadigan ob-havo prognozlari ishonchliligini yanada oshishiga, kuchli yomg‘ir, do‘l, qor kabi hodisalarga olib keluvchi kuchli bulutlilikni aniqlash va uni prognozlashga xizmat qilmoqda.

«Oxirgi yillarda bu kabi juda tez hosil bo‘ladigan xavfli halokatli gidrometeorologik hodisalarni aniqlash hozirgi turli iqlimiy modellarga ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Demak, katta masofalarni „ko‘ra“ oladigan zamonaviy doplerli meteorologik radiolokator ma’lumotlariga ehtiyoj ortmoqda. Bu kabi bir nechta uskunalarning integratsiyalashgan mahsuli atmosferadagi faktik ob-havo jarayonlarni real vaqtda ko‘rsatish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Kelajakda shu kabi meteolakatorlarni yagona platformaga birlashtirish natijasida respublika hududini to‘liq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar yagona tarmog‘iga tashkil etilib, iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyati barqarorligi va aholi xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.

O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 mln kishining hayotiga ta’sir qiladi, deyiladi O‘zgidromet tomonidan «Gazeta.uz»ga taqdim etilgan ma’lumotlarda.

2020 yilning aprelida Buxoro viloyatidagi kuchli shamol davlat budjetiga 500 mlrd so‘m zarar yetkazgandi. Tabiiy ofat vaqtida Qorako‘l va Olot tumanlarida aloqa va elektr tarmoqlari tizimdan uzilgan, 5293 ta uyning tomlari va 415 dan ortiq avtomobillar zarar ko‘rgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga katta zarar yetdi — ofat qishloq xo‘jaligi maydonlarining 20,8 foiziga va 27,1 foiz bog‘larga talofat yetkazdi. Umumiy og‘irligi 20 ming tonna bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlari yo‘qqa chiqdi, 42,4 ming daraxt esa sinib ketdi.