Toshkent viloyatida zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirish hamda Sirdaryo viloyatida shunday stansiya qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Ushbu loyihalar Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev marosimda nutq so‘zlar ekan, loyihalarning ahamiyatiga to‘xtaldi, ushbu majmualar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik samaralarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi. Oxirgi bir yilning o‘zida turkiyalik kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun juda muhim bo‘lgan 5 ta yirik energetika loyihalari amalga oshilgani alohida qayd etildi. Xususan, ushbu stansiyalarning umumiy quvvati bugungi loyihalar bilan qo‘shib hisoblaganda 1,4 ming megavattga yetadi.

O‘zbekiston energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish natijasida 2026 yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 12 mlrd dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilishi ta’kidlandi. Ular qo‘shimcha 71 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini yaratadi, yiliga 12 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Davlat rahbari elektr stansiyasini bunyod etishda qatnashgan muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi. So‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirdi va Xovos tumanidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdilar.

Qibraydagi IES quvvati 240 megavatt bo‘lib, yiliga 2 mlrd kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi.

Xovos tumanidagi yangi issiqlik elektr stansiyasi 220 megavatt quvvatga ega, unda yiliga 1,7 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan birgalikda Surxondaryoda quvvati 1,56 GVt va umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan IES qurilishiga start berdi. Keyinroq, 25 mart kuni O‘zbekiston EDF, Nebras Power, Sojitz Corporation va Kyuden International konsorsiumi bilan Sirdaryo viloyatida 1,6 GVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasini imzoladi.