Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi va investor Zafar Hoshimov birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘tkazilishi haqida fikr bildirar ekan, O‘zbekiston noyob iqtisodiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligi kerakligini ta’kidladi.

U investitsiya forumini o‘tkazish arafasida dunyo qanchalik o‘zgarishini, tadbir qanchalik dolzarb bo‘lishini hech kim tasavvur ham qila olmaganiga ishonch bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu butun dunyo moliyaviy doiralari va institutlari tomonidan forum ishiga bo‘lgan alohida qiziqishni va umuman uning ahamiyatini anglatadi.

«Mamlakat prezidentining forum ishida nafaqat kirish nutqini so‘zlashi, balki yetakchi mintaqaviy va xalqaro moliya-savdo institutlari rahbarlari bilan birgalikda yalpi majlisda to‘laqonli ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘llari hamda istiqbollarini muhokama qilishi ushbu tadbirga alohida maqom va kuchli turtki berdi», — deb yozadi u.

Zafar Hoshimovning ta’kidlashicha, bu jahon hamjamiyatiga O‘zbekistonning islohotlar yo‘lidan, iqtisodiyotni liberallashtirish va mamlakatni xalqaro iqtisodiy munosabatlar va ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuv yo‘lidan «dadil va qat’iy» borayotganidan, «mamlakatning jahon savdosi va mehnat taqsimotining teng huquqli ishtirokchisi bo‘lishga intilishi»ning yorqin misoli bo‘ldi.

Uning fikricha, O‘zbekiston endi mintaqaviy sanoat va tijorat habiga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega.

«Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar, ishlab chiqarishni to‘xtatish va o‘nlab, balki yuzlab yirik investitsiya-sanoat guruhlari va transmilliy korporatsiyalarning mamlakatdan chiqib ketishi nafaqat Rossiyaning o‘zida, balki butun subkontinentda o‘ziga xos moliyaviy va sanoat bo‘shlig‘ini keltirib chiqarmoqda», — deya aytib o‘tdi u.

Tadbirkorning aniqlik kiritishicha, ko‘plab yirik korporatsiya va institutlar Rossiyani hududining hajmi va resurs imkoniyatlari tufayli Rossiyani forprost va mahsulotlarni keyinchalik butun MDH bo‘ylab yoyish va tarqatish uchun ishlab chiqarish bazasi sifatida ko‘rishgan.

«Ukrainadagi jangovar harakatlar zudlik bilan to‘xtasa va G‘arb davlatlari avval e’lon qilingan barcha sanksiyalarni tezda bekor qilishga qaror qilsa ham, bugungi kunda Rossiyada katta zararlar, uzilishlar va yo‘qotishlarga uchragan xalqaro biznes uzoq vaqt davomida u yerga qaytishga tayyor bo‘lmaydi. Keyingi o‘nlab yillar davomida Rossiyada uzoq muddatli sarmoyalar va rivojlanish haqida hech qanday gap bo‘lmaydi. Mamlakatning risk indeksi uzoq vaqt davomida xalqaro biznes uchun qabul qilib bo‘lmas darajada qoladi», — deya tushuntirdi u.

Zafar Hoshimov «uzoq vaqt davomida iqtisodiy ma’noda ozmi-ko‘pmi Rossiyaga iqtisodiy jihatdan bo‘ysunib kelgan Markaziy Osiyo mintaqasi va uning bozori» bilan nima qilish kerakligi haqida aytib o‘tdi.

«Ushbu subkontinentning bozori, agar bir butun sifatida qaralsa, qo‘shni hududlar bilan (Afg‘oniston, Shimoliy Eron hamda Pokiston va boshqalar) 100−150 mln kishiga ega. Ayniqsa, bu Rossiya bozorining yo‘qolishini hisobga olgan holda, xaritadan o‘chirib tashlash uchun juda katta bozor», — dedi u.

Tadbirkorning aytishicha, hozir jahon iqtisodiyoti uchun ushbu bozorni o‘ziga integratsiyalash, xalqaro ishlab chiqaruvchilar uchun esa bu yerda kuchli ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mintaqadagi mahalliy ehtiyojlarni qondirish uchun ta’minot zanjirlarini yo‘lga qo‘yish birinchi o‘rinda turadi.

«35 mln aholiga ega O‘zbekiston ham geografik, ham demografik jihatdan bu bozorning markazida joylashgan. Mamlakatimizda barqaror siyosiy tizim va rivojlanayotgan iqtisodiyot mavjud. Ammo bularning barchasi, afsuski, yetarli emas. Biz haligacha o‘nlab yillik izolyatsiya, proteksionizm, siyosiy avtoritarizm, repressiya, korrupsiya va qonunsizlikni xotiradan o‘chirib tashlaganimiz yo‘q», — dedi Zafar Hoshimov.

Korzinka asoschisining fikricha, besh yil avval boshlangan islohotlar mamlakat imijini sezilarli darajada yaxshiladi va uni dunyoga qayta ochdi, O‘zbekiston bolalar va majburiy mehnatning barcha shakllari qo‘llaniladigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarib tashlandi.

Bundan tashqari, davlatning biznesga munosabati tubdan o‘zgargani tufayli mamlakatda tadbirkorlar sinfi jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Shuningdek, tadbirkor valyuta bozori liberallashtirilgani, soliq islohoti, bir qator tovarlarga bojxona to‘lovlari kamaytirilgani va bekor qilingani, yashash joyini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha cheklovlar bekor qilingani, 90 ta davlat bilan vizasiz rejim joriy etilgani, iqtisodiy statistika yanada ishonchli va shaffof bo‘lgani hamda «o‘zini oqlayotgan» matbuot erkinligini ta’kidlab o‘tdi.

«Da’volarimizni ko‘rib chiqsak, O‘zbekistonning Rossiya kuchliroq ta’sirga ega bo‘lgan YeOIIda ishtirok etmasligi, shuningdek, betaraf maqomimiz va harbiy bloklarda ishtirok etmasligimiz — mintaqada biz uchun katta ustunlik yaratadi. Ammo da’vo juda yuqori va mamlakatning kelajagi, iqtisodiy-ijtimoiy hayoti qil ustida turibdi va biz 90-yillarning boshlarida bo‘lgani kabi, bunday imkoniyat yana qo‘limizdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi u.

Zafar Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hozir bor kuchi bilan «bayroqchani hilpiratishi» va «bor ovozda» biz shu yerdamiz va ularni qabul qilishga tayyormiz, deb jar solishi kerak.

U o‘zining bir qator takliflarini ilgari surdi:

  • ichki bozorni va tashqi savdoni yanada erkinlashtirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish hamda buni baralla e’lon qilish;
  • savdodagi tariflarning (bojlar, aksizlar) ko‘pchiligini va notarif cheklovlarini qat’iy kamaytirish, sertifikatlashtirishni soddalashtirish, xalqaro sertifikatlarni O‘zbekistonda tan olish va hokazolar;
  • mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, JSTdan O‘zbekistonning tashkilotga kirishi haqidagi arizani zudlik bilan ko‘rib chiqishni talab qilish;
  • xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ularni shaffof va oshkora tarzda o‘tkazish;
  • bank sektoridagi islohotlarni jadallashtirish;
  • ma’muriy islohotlarni faol davom ettirish;
  • xususiylashtirish mumkin bo‘lgan hollarda transport-logistika tarmoqlarini, shu jumladan havo va temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish;
  • mavjud tarmoq va individual imtiyozlarni bekor qilish;
  • mamlakatda o‘z sud organlariga ega bo‘lgan, masalan ingliz huquqi amal qiladigan maxsus yuridik hududni yaratish. Xalqaro kompaniyalar o‘zlariga tanish yuridik muhitda ishlash qulayligini hisobga olgan holda, u yerda ro‘yxatdan o‘tadi va o‘z operatsiyalarini amalga oshiradi.

«Ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Qisqa vaqt ichida ushbu poygada birinchi raqamli nomzod bo‘lish uchun hamma narsani qilish kerak», — dedi u.

Zafar Hoshimovning qayd etishicha, forum davomida O‘zbekistonda Twitter ijtimoiy tarmog‘ining cheklanishi «nufuzli xorijiy hamkorlarning o‘nlab hayratlanarli so‘zlari»ga sabab bo‘lgan va ular O‘zbekiston hamda forum haqida dunyoga gapira olmayotganliklaridan shikoyat qilishgan.

«Eng muhimi, biz endi „xavf va tahdid sotuvchilari“ bizni yana qo‘rqitishiga va o‘tmishga olib borishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bir hovuch monopoliyalar manfaatlarini himoya qilish uchun kelajakdagi rivojlanishni qaytadan qurbon qilmaslik kerak. Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv, sarmoya va texnologiyalarni jalb qilish, mamlakatning XXI asrga hal qiluvchi qadam tashlashi hech qachon hozirgidek real va erishish mumkin bo‘lmagan», — deb hisoblaydi tadbirkor.

Korzinka asoschisi Rossiyadan chiqib ketadigan barcha korxonalarni qabul qilishga tayyorligini e’lon qilgan Turkiya bu poygaga allaqachon qo‘shilganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda ham ushbu mavzu bo‘yicha muhokama boshlangan va faollashmoqda.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, bularning barchasi Rossiyadan ko‘chib kelayotgan oqimni jalb qilish uchun mamlakatlarning marketing kommunikatsiyalaridir.

«Mamlakatning ochiqligi va tayyorligi, bozor iqtisodiyoti va qonun ustuvorligi qadriyatlariga sodiqligi bu poygada hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, bizda inkor etib bo‘lmaydigan ustunlik va haqiqiy imkoniyat bor, uni qo‘ldan boy bermaslik muhimdir», — dedi u.