Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy MCHJ vakilidan muqaddam pora sifatida olgan 14,5 ming dollardan 5 ming dollarini qaytarib berayotgan vaqtida qo‘lga olindi, deya xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, 2021 yilda prokuratura organlari tomonidan mazkur MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha soliq idoralari hujjatli taftish o‘tkazgan.

«O‘sha davrda viloyat Davlat soliq boshqarmasida bosh inspektor bo‘lib ishlagan mazkur mansabdor shaxs aniqlangan 900 mln so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar bo‘yicha belgilanishi lozim bo‘lgan 300 mln so‘mlik jarima miqdorini 72 mln so‘mga kamaytirib berish evaziga 14,5 ming dollar miqdorida pora olgan», — deyiladi DXX xabarida.

Hozirda unga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgani aytildi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidagi tumanlardan birining Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroni viloyatdagi harbiy qismlardan birining orkestriga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va IJQK Departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda mazkur mansabdor shaxsga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvlroq DXX Toshkent, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Jumladan, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 32 gektar yer maydonini 35 ming dollar evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan.