Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi davomida O‘zbekistonning savdoni liberallashtirishdagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi. Shunga qaramasdan, u ish o‘rinlarini yaratish, tashqi savdodagi defitsit, logistika va integratsiya bilan bog‘liq to‘rtta xavfni aytib o‘tdi.

Jumladan, jiddiy xatarlardan biri bu — cavdoni erkinlashtirish va ish o‘rinlari yaratish masalalari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash zaruratidir, dedi Galina Saidova.

Maslahatchi o‘rinbosari ikkinchi “qarama-qarshilik” sifatida tashqi savdodagi yirik defitsitni qayd etdi.

Uning fikricha, “O‘zbekiston bugungi kunda, ayniqsa, so‘nggi paytlarda juda og‘ir xis qilayotgan va mavjud bo‘lgan” navbatdagi xatar bu — logistika.

Galina Saidovaning so‘zlariga ko‘ra, to‘rtinchi xavf, bu — aqlli va muvozanatli siyosatni amalga oshirish zarurati. Gap global va mintaqaviy integratsiya jarayoni haqida ketmoqda.

Ushbu fikrlar yuzasidan iqtisodchi-blogerlar o‘z munosabatlarini bildirdi.

Botir Qobilov: “Ushbu maqolani 3 marotaba o‘qisam ham iqtisodiyotimizga liberalizatsiyaning qanday risklari mavjud ekanligi haqida tushunmadim. To‘g‘risi”.

беҳзод ҳошимов, ботир қобилов, gaлина саидоva, отабек бакиров, savdoni liberallashtirish

Foto: Botir Qobilovning shaxsiy arxividan

“Aytilgan shunday risklardan biri adashmasam, bu — iqtisodiyotni erkinlashtirish va ish o‘rinlari yaratish masalalari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash zaruriyati ekan. Ya’ni savdoni liberallashtirish va iqtisodiy integratsiya amalga oshirilsa, ishchi o‘rinlari xavf-xatarga uchraydigan bo‘lib chiqyaptimi? Nega ikkalasi bir-biriga qarshi omillar bo‘lishi kerak?” — degan savolni o‘rtaga tashladi iqtisodchi va “Gazeta.uz” kolumnisti Botir Qobilov.

“Umuman olganda, maqolani chetga surib turadigan bo‘lsak, savdo liberalizatsiyasi va iqtisodiyotni erkinlashtirish kerakmi, kerak emasmi, uning xatarlari qanday, keling shoshmaylik, ehtiyot bo‘lish kerak, geosiyosatni o‘ylaylik, ishchi o‘rinlari nima bo‘ladi, vahokazo-vahokazo argumentlarni haligacha (kalendarda 2022-yil) eshitish menga shaxsan g‘alati. Kompartiya bayonoti yozilgan kasetasini juda ko‘p marotaba o‘ynatdik, tingladik. Vaholanki, kasetalar ikki avlod ortda qolib ketgan texnologiya…”, — deb yozdi u.

Behzod Hoshimov: “Aytilgan „risklar“ savdoni erkinlashtirmaslik uchun sun’iy o‘ylab topilgan qiyinchiliklar. Ular mavjud emas”.

беҳзод ҳошимов, ботир қобилов, gaлина саидоva, отабек бакиров, savdoni liberallashtirish

Bekzod Hoshimov. Foto: Hoshimov Iqtisodiyoti.

“Masalan, ishchi joylari yaratilishi, bu — erkin savdoga qarama-qarshi emas — aynan teskarisi. Dunyo savdosidan o‘zimizni o‘zimiz to‘sganimiz uchun ishchi joylar bizda yaratilishi qiyin. Aynan shu eng katta muammo — savdodan o‘zini to‘sgan mamlakatda, yangi ishchi joylarini yaratish nihoyatda „qimmat“. Buni risklardan biri deb aytish, albatta xato”, — deya ta’kidladi iqtisodchi va “Gazeta.uz” kolumnisti Behzod Hoshimov.

“Bunday desa bo‘ladi: savdoni erkinlashtirmasligimiz bizni xalqaro zanjirlarga kirishimiz va investitsiyalar jalb qilishimizni qiyinlashtiradi, buning natijasida yangi ish joylari yaratilmasdan qolib ketadi. Lekin, „himoyalangan“ va bir qo‘lda sanab chiqsa bo‘ladigan tashkilotlar bundan ko‘p manfaat olishadi va bir necha o‘n ming insonlar uchun oylik to‘lashni bahona qilib, qolgan 34 mln inson qimmatroq tovar va xizmatlardan foydalanishi kerak va muhimi, dunyoda raqobatbardosh bo‘lgan tovar ishlab chiqarish rag‘batidan barcha boshqa potensial korxonalarni mahrum qilamiz”, — deb yozdi iqtisodchi.

“Xuddi shunday logistika qimmatligi erkin savdoni qo‘llashga “risk” qilib ko‘rsatilgan. Teskarisi — aynan qimmat logistika bo‘lgani uchun, savdoni buning ustiga yanada erksiz qilish — ikki karra mantiqsiz. Chunki savdoga boj qo‘yish va qimmat logistika teng narsalar. Ikkovi ham savdoni qimmat qiladi. Agar qimmat logistika yomon bo‘lsa, demak savdoga cheklov ham, yomon degani. Bu mantiqiy nomutanosiblik.

Masalan, chet eldan kelgan shakar bizni bozorda chet eldan 50% qimmat bo‘lsa va buni 25% logistika qolgan 25% bojlar bo‘lsa, iqtisodiy nuqtai nazardan teppa teng o‘lchovlar. Shakar 50% qimmat, nuqta. Demak, agar logistikani arzonlashtirsak, deylik mo‘’jiza bo‘lib shakarni logistikasi 25% dan 5% ga tushsa — xafa bo‘lamizmi? Yo‘q. Xuddi shunday, boj ham 25% dan, nolga tushsa — xursand bo‘lishimiz darkor. Ya’ni risk deb sanalgan sabab, aslida savdoni erkinlashtirish uchun argument. Tepadagi “ishsizlik” ham.

Siyosiy risk sabablari: YeOIIning (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi) barcha a’zolari, hatto butun dunyo sanksiya qo‘llagan Rossiya ham, Jahon savdo tashkiloti (JST) a’zosi. JSTga kirmasligimizga sabab qilib siyosatni ko‘rsatish, haqiqatdan uzoqroq. 1994-yildan beri JSTga kiramiz, har besh yilda yangi sabab: Osiyo moliyaviy inqirozi, Rossiyada “defolt”, dunyodagi iqtisodiy inqiroz, mintaqada nostabillik, koronavirus va hokazo. Ya’ni kirmaslik uchun sabab qidirib topish bo‘yicha bizga teng keladigani yo‘q. JSTda ham tushunishsa kerak — 28 yildan beri “kirish niyati” bor mamlakat bu yili ham kirmasligi aniq.

Ikkinchi risk esa — to‘liq teskari. Savdodagi negativ to‘lov balansi — bu tabiiyki musbat investitsion balansning hosilasi. Ya’ni, ertaga bizda investitsiyalar ko‘payib ketsa va biz valyutani fiksatsiya qilmasak, tabiiyki negativ savdo balansi bo‘ladi. Bu eng oddiy qonuniyat. Hozirgi negativ balans — bizga kirib kelayotgan dollarlar hisobiga qondiriladi. Masalan, davlat qarz olyapti va bu pulga sport saroyi quryapti. Chetdan kelgan uskunalar, o‘sha “negativ balans”da. Oila Rossiyadan dollar olyapti va chet elda chiqqan un sotib olyapti — bu ham o‘sha balansda. Qisqasi, “negativ balans”ni xohlamasak, chet elliklar investitsiya qilishini xohlamasligimiz kerak yoki valyutani sun’iy ravishda ushlab turishimiz kerak. Qandaydir ma’noda, savdoni cheklashimiz ham o‘sha “negativ balans”ning sababi — oqibati emas.

Xulosa shuki, meni tushunishimcha, bizda savdo qanday erkin bo‘lmagan bo‘lsa, shundayligicha qoladi", — deya yakun yasadi Behzod Hoshimov.

Otabek Bakirov: Chidab o‘qidim, lekin YeOII alternativasi tilga olingan joyda to‘xtatdim

беҳзод ҳошимов, ботир қобилов, gaлина саидоva, отабек бакиров, savdoni liberallashtirish

Foto: “Ular” loyihasidan kadr

“Bu xuddi 1945-yil aprelda Gitler Germaniyasiga ittifoqchi bo‘lishni rejalash kabi yoki 1989-yilda SEV (O‘zaro iqtisodiy yordam kengashi) shartnomasiga qo‘shilishni mo‘ljallash singaridir. Tasavvur qilishingiz uchun.

O‘qigan joyimgacha anglaganim shuki, bular iqtisodiy paradigmalarda oqni qora, qorani oq, deb ayta olishadi va eng yomoni — siyosiy qarorlar qabul qiluvchilarga shuni ishontirib ham kelishmoqda.

Investitsiya forumidan olgan yagona foydamiz menimcha shu. Forum bahona iqtisodiy mafkura shakllantirayotgan sobiq gosplanchilarning dunyoqarashini o‘zimiz uchun hech qursa tasavvur qilib oldik. Endi buyog‘iga illyuziyaga berilmaslik kerak.", — dedi iqtisodchi o‘zining “bakiroo” Telegram-kanalida.