Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Senatning 24 yalpi majlisida senatorlar oldida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot bergan edi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 135 ta davlat organ va tashkilotlaridan 80 tasi (60%) 2021 yilning IV choragi bo‘yicha davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan resurslarga joylashtirmagan. 88 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida ochiqlamagan.

Davlat xaridlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, litsenziya va ruxsat etish uchun mas’ullar to‘g‘risida ma’lumot, yengil avtomobillar, xizmat uylari hamda boshqa zarur ma’lumotlarni jamoatchilikka to‘laqonli e’lon qilinmayapti. Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayt ishlamaydi.

Xabarda shuningdek, davlat organlari ishida kuzatilgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tilgan:

— Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish bo‘yicha ochiq tanlov g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik saytida e’lon qilinmagan;

— Madaniy meros agentligi tomonidan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq e’lon qilinmagan;

— O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy yangilab borilmagani jamoatchilikning katta e’tiroziga sabab bo‘lgan;

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda ularning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid fikr-mulohazalari o‘rganilmagan. Aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni qonuniy hal qilish maqsadida «Mening fikrim» veb-portali orqali muhokama qilish ishlari amalga oshirilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi ishlar yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi oqibatida ular tomonidan tegishli ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) va o‘z rasmiy veb-saytlarga joylashtirilmagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har yili faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilib borish vazifasi yuklatilgan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlar e’lon qilinmagan — shu kabi tanqidiy fikrlar Akmal Burxonovning bayonotida ham qayd etilgan.

Haqiqatdan ham agentlikning ochiq ma’lumotlari qatoridan o‘rin olgan «Yillik milliy ma’ruzalar» bo‘limida ma’ruzalar joylanmagan, oylik hisobotlar e’lon qilinmagan, ochiq ma’lumotlarning boshqa bo‘limlari ham bo‘sh holda turibdi. Saytda 2021 yil davomida korrupiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirish holati to‘g‘risida ham ma’lumot mavjud emas.

Avvalroq, agentlik rahbari Akmal Buxonov 2021 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 trln so‘m zarar yetkazilganini aytgandi. Hokimliklarning budjetdan orttirilgan mablag‘larni ochiqlash majburiyati joriy qilingach, avtomobil sotib olish yoki hokimiyatni ta’mirlash keskin kamaygan. Akmal Burxonov bu amaliyot hokimlik budjetining ko‘proq ijtimoiy-infratuzilmaga yo‘naltirilayotganiga sababchi bo‘lganligini ta’kidladi.