Respublikada yangidan barpo etiladigan turar va noturar tijorat ko‘chmas mulklar hamda umumiy foydalanish obyektlari loyihalarida elektromobil quvvatlash stansiyalari yoki moslamalari o‘rnatilishi majburiy etib belgilanishi mumkin.

Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasida qayd etilgan.

2023 yil 1 yanvardan boshlab ushbu talabga javob bermaydigan obyektlar Davlat komissiyalari tomonidan ekspluatatsiyaga qabul qilinishi ta’qiqlanishi kutilmoqda. Qurilish vazirligiga bu borada shaharsozlik normalari va qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni ta’minlash vazifasi yuklatiladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritayotgan AGTKSH va AYOQSHlarda elektr quvvatlantirish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordamida quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish, ularning har birida kamida 2 dona (2 ta kanalli) tezkor usulda quvvatlantirish stansiyasi infratuzilmasini tashkil etish kutilmoqda.

Energetika vazirligi Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda 3 oy muddatda texnik imkoniyatlarni o‘rgangan holda tegishli choralarni ko‘rishi lozim.

Prezident qarori loyihasi muhokamasi 9 aprelga qadar davom etadi.

Avvalroq, mazkur loyiha bilan vazirlik, idora va barcha budjet tashkilotlari xizmat mashinalarining 2025 yilgacha kamida 10 foizi, 2030 yilgacha 100 foizi elektromobillarga almashtirilish taklif etilgani haqida yozgandik. Qolaversa, «tez yordam» mashinalari ham 2023−2026 yillarda elektrda harakatlanuvchi transportga o‘zgartiriladi.