Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lib, uning natijasida 1,56 GVt quvvat yaratiladi, yiliga 12 mlrd kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, yiliga 1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi. Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda mamlakatda barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi.

Masalan, Surxon vohasi neft, gaz, ko‘mir, qimmatbaho va rangli metallar, ko‘p turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega bo‘lsa-da, ular yetarli darajada o‘zlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda 7 mlrd dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonning ehtiyojlarini qondiradi. Bundan tashqari, Afg‘onistonga yiliga kamida 3 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Loyiha Germaniyaning Siemens Energy, Fransiyaning YeDF, Niderlandiyaning Stone City Energy kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat rahbari bunga ahlohida e’tibor qaratib, sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi.

«Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to‘liq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 1 GVtdan ziyod bo‘lgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1milliard dollardan oshdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda mamlakatda quvvati 9ming Megavatt bo‘lgan yana 19 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning umumiy qiymati 10 mlrd dollardan ziyod.

Davlat rahbari tadbirda ishtirok etgan xalqaro moliyaviy institutlar va kompaniyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini yana bir bor ta’kidladi.

Tadbirda ishtirok etgan Siemens Energy kompaniyasi prezidenti Kristian Brux va YeDF kompaniyasi ijrochi direktori Beatris Buffon O‘zbekistonda energetika tizimi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinayotganini yuksak baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, mazkur loyihani yuqori sifatda amalga oshirishlarini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng, davlat rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi.

Mazkur stansiyani 2024 yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.