2022−2027 yillarda Navoiy viloyatining Karmana tumani hamda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha ikkita loyiha amalga oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni bu haqdagi qarorni imzoladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) tomonidan 2021 yilda O‘zbekistonga jami 105 mln yevro qarz ajratilgan. Shuningdek, mazkur agentlik orqali Yevropa komissiyasi tomonidan 9 mln yevro miqdorida grant ajratildi.

Karmanada loyihani amalga oshirish qiymati 28 mln yevro, Shahrisabzda va Kitobda — 91 mln yevroni tashkil etmoqda.

Hujjat bilan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ham tasdiqlandi.

FTA «Gazeta.uz»ga taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu uchta shaharning har birida oqava suvlarni markazlashtirilgan tozalash tizimini tashkil etish, jumladan, ulanish inshootlari va kollektorlarni o‘rnatish, oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish va sug‘orish uchun qayta ishlatishga mos keladigan oqava suvlarni chiqarish tizimini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Loyihalarning maqsadi atrof-muhit va sog‘liq uchun foydali bo‘lgan, iqlim o‘zgarishiga moslashgan suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarishga erishishdan iboratdir.

«[O‘zbekiston] hukumati aholi zich joylashgan kichik shaharchalarni poytaxtga yoki xorijga ko‘chib ketishga moyil bo‘lgan qishloq aholisi, shuningdek, turizm va agrobiznes uchun yanada jozibador qilish maqsadini qo‘ygan. Suv resurslarini kompleks boshqarishni rivojlantirish munosabati bilan hukumat jamoaviy sanitariya tizimini kengaytirishda shahar oqava suvlarini tozalashdan keyin sug‘orish uchun qayta ishlatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda», — deyiladi FTA xabarida.