Vodiy viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari 18 mart soat 18:00 dan 19 mart soat 06:00 gacha faoliyatini to‘xtatadi, deya xabar berdi «O‘ztransgaz» matbuot xizmati.

«Respublikada kuzatilayotgan sovuq va nam ob-havo sharoitida aholi, iste’molchilar va ijtimoiy soha obyektlari, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan korxonalarni uzluksiz va barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash birlamchi vazifa hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Shu bois, kompaniyaning yozishicha, respublikadagi tabiiy gaz iste’molchilarining salmoqli qismini tashkil etuvchi Farg‘ona vodiysidagi aholi xonadonlari, ijtimoiy soha va strategik ahamiyatga ega obyektlarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlashga qaror qilingan.

Ma’lumot uchun, O‘zgidromet 19−20 martda kechalari havo harorati ba’zi joylarda -1, -2 darajagacha pasayishi, cho‘l va shimoliy hududlarda esa -7, -10 darajagacha sovuq bo‘lishi ma’lum qilgandi.