18 mart kuni prezident shifokorlar bilan uchrashuv vaqtida nima sababdan ularga tibbiyot xodimlari orasidan emas, balki iqtisodchi Behzod Musayev vazir etib tayinlanganini tushuntirdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Nima uchun men iqtisodchini vazir qilib qo‘ydim? Transformatsiya jarayoni ketyapti. Biz sohadagi hisob-kitobni joyiga qo‘yishimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

U tibbiyot sohasi vakillari «janob prezident, nimaga bizda odamlar yo‘qmi?», deb savol berishini aytib o‘tdi. «Tibbiyotchilar juda ko‘p ishladi. 20 yillikni ko‘ringlar, vazirlaringiz nima qildi? Qaysi birini maqtab esladingiz? Ming afsus», — deya ta’kidladi u.

Davlat rahbari uning armonlari ichida ekanligini aytdi.

«Mening armonlarim ichimda, bu gaplarni sizlar bilan gaplashmasam, kim bilan gaplashaman? Kechirasizlar, biz bir-birimizga bu gaplarni aytmasak, qachon tibbiyotda to‘g‘ri xulosa qilamiz? Hech qachon! Qanday og‘ir bo‘lmasin, biz bir-birimizga to‘g‘ri gapirishni o‘rgatmasak, natija bo‘lmaydi. Ana shuni hamma bilishi kerak», — dedi u.

«Iqtisodiyotni, tarmoqni, pulni qanday kelishi va hisob-kitobni bilganni vazir qildim», — deya Behzod Musayevga tarif berdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident so‘zi oxirida shunday dedi: «budjetda oshib yotgan pulning o‘zi yo‘q. Lekin bizning ilojimiz ham yo‘q. Tibbiyot xodimlariga hozir bu pulni bermasak, ertaga o‘zgarish bo‘lmaydi».

Eslatib o‘tamiz, Behzod Musayev 2021 yilning noyabrida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning noyabridan Abduxakim Xadjibayev, undan oldinroq esa Alisher Shodmonov vazir sifatida faoliyat yuritgan.